Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniyada buyuk bobolarimiz siymosi yod etildi
18:43 / 2024-02-15

Kuni kecha mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida buyuk shoir va mutafakkirlar: Alisher Navoiyning 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Boburning 541 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov buyuk bobokalonimiz, o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy va ulug‘ shoir hamda davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, ularning badiiy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida urg‘u berdi. Bugungi kunda ular yaratgan asarlarni nafaqat yurtimiz, balki xorijlik olimlar ham tadqiq etayotgani nihoyatda quvonarlidir. 

Berlin davlat muzeyining Shimoliy Afrika, G‘arbiy va Markaziy Osiyo etnologiya muzeyi kuratori, doktor Melani Krebs Navoiy va Bobur g‘azallarini tinglash unga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etganini ta’kidladi. 

– Bugungi tadbir menda juda katta taassurot qoldirdi. Tadbir dasturi juda boy, puxta va o‘ta mazmunli ishlangan, ya’ni ekspertlarning ulug‘ o‘zbek shoirlari haqidagi kichik, ammo qimmatli ma’lumotlarga boy ma’ruzalari, Navoiy va Bobur g‘azallari, sahna ko‘rinishlari, raqs va qo‘shiqlar adabiy kechani muvaffaqiyatli o‘tishiga xizmat qildi. Ayniqsa, o‘zbek tilida Navoiy va Bobur g‘azallarini tinglash, ularning o‘zbek tilidagi jarangi va ohangini eshitish bizga juda yoqdi. Bundan keyin ham bu kabi tadbirlar orqali men o‘zbek tilining she’riyatdagi go‘zalligini tinglashdan bahramand bo‘lishni xohlardim, – dedi u. 

[gallery-15980]

Elchixonamiz taqdim etgan xabarga ko‘ra, tadbirda germaniyalik islomshunos olima, “Cultur-Cooperation International e.V” tashkiloti rahbari Ketlin Gyobelning “Qalb bog‘lari. Navoiy va Bobur g‘azallarida bog‘, gulzor motivlari” mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, g‘arb bastakorlari Djeyson Kallou, Villiam Xarvey tomonidan Alisher Navoiyning g‘azallariga kuy bastalanganligi va uning taqdimoti mehmonlarning e’tirofiga sabab bo‘ldi. Berlin davlat kutubxonasi Sharqiy Osiyo bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Aysima Mirsultanning “Mir Alisher Navoiy va Jahongir albomi” mavzusidagi ma’ruzasida Boburning chevarasi Nuriddin Muhammad Jahongir (1605-1627) hukmronligi davrida saroy rassomlari tomonidan 1608-1618 yillarda tuzilgan “Jahongir” albomi ustida olib borayotgan ilmiy izlanishlari va u yerda Navoiyning g‘azallariga chizilgan suratlar haqida noyob ma’lumotlar ishtirokchilar e’tiborini tortdi. 

– Bugun juda qiziqarli tadbirning guvohi bo‘ldik, –dedi „Berliner Korrespondentenbüro“ jurnalistlar uyushmasi rahbari Evald Kyonig. – Ochig‘ini aytsam, biz bunday sermazmun va serqirra tadbirni kutmagan edik. Bugun o‘zbek adabiy merosining ikki buyuk vakili Alisher Navoiy va Bobur tavalludini birgalikda nishonladik. Shoirlarning go‘zal g‘azallarini tingladik, milliy, tarixiy liboslarda ijro etilgan raqs va sahna ko‘rinishlaridan bahramand bo‘ldik. Qiziqarlisi, yosh germaniyalik mutaxassis tomonidan qilingan ma’ruzada O‘zbekistonning o‘z hududidan tashqaridagi madaniy merosi va uni asrab-avaylash borasida olib borayotgan ishlari, Afg‘onistonda Alisher Navoiy va Bobur qabrlari, maqbaralari joylashgan shaharlarda O‘zbekistonning amalga oshirgan va oshirayotgan xayriya ishlari haqida xabardor bo‘ldik. Qish faslida, biz germaniyaliklar mahzun bir kayfiyatda turgan vaqtda o‘zgacha g‘oyaga ega mazkur tadbir barchamizga xush kayfiyat bag‘ishladi. Albatta, tansiq taomlar tortilishi o‘zbekona mehmondo‘stlikni yana bir bor tasdiqladi va barchamizni quvontirdi. 

Tadbirda Germaniyada bo‘lib turgan Hafiza Ko‘chqorova boshchiligidagi bir guruh adabiyotshunos olima, talaba va havaskor san’atkorlar ijodiy jamoasi tomonidan ijro etilgan Navoiy va Boburning g‘azallari, ularning hayotidan hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA