GFR hukumati mamlakat federal politsiyasiga dronlarni urib tushirish vakolatini beruvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu qaror o‘tgan hafta Myunxen aeroporti uzra uchgan noma’lum dronlar sabab havo qatnovi bir necha soat to‘xtab qolganidan so‘ng qabul qilindi.
Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ma’lum qilishicha, Federal politsiya to‘g‘risidagi yangi qonun uch bosqichli dron mudofaasi tizimini o‘z ichiga oladi: markazlashgan mudofaa markazi tuzish, maxsus dronlarga qarshi bo‘linma tashkil etish va elektromagnit to‘lqindan foydalangan holda uchuvchisiz uchoqlarni zararsizlantirish texnologiyasini ishlab chiqish.

GFR bu borada Isroil va Ukraina tajribasini o‘rganmoqda. Mulozim ushbu qonun “texnik jihatdan ilg‘or va xavfsizlikka mos yechim”ni ta’minlashiga urg‘u bergan.
So‘nggi haftalarda Yevropaning bir necha mamlakati, jumladan Daniya va Litvada ham noma’lum dronlar kuzatilgan. Kansler Fridrix Mers yuzaga kelgan holatni “Rossiyaning gibrid urushi” sifatida baholagan. Tabiiyki, Moskva bu ayblovni inkor etmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA