Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Germaniya davlatining bir qator kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqandda 2022 yilda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqtisodiy forumda Germaniyaning BASF konserni, Helaba banki, “Menzel”, Takraf GmbH kabi kompaniyalari bilan bir qator manfaatli shartnomalar imzolangan edi.
Shuningdek, Chirchiq shahrida kombinat va Germaniya davlati bilan hamkorlikda “Deutsche IT-AGMK” qo‘shma korxonasi ham tashkil etilgan. Bundan tashqari, joriy yilda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi uchun Germaniyaning AUMUND Fördertechnik kompaniyasi tomonidan 54 dona zanjir tasmali plastinasimon konveyr lentalarini ham yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Yildan yilga kombinat va Germaniya kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Buni joriy yilning 20 fevral kuni “Mangold Consulting” konsalting kompaniyasi raisi, TUI AG kuzatuv kengashining rahbari, professor Klaus Mangold boshchiligidagi Germaniya delegatsiyasining kombinatga tashrifi misolida ham ko‘rish mumkin.
Mehmonlar dastlab, Qalmoqqir, Yoshlik-1 konlari hamda Mis boyitish fabrikasidagi texnologik jarayon hamda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasiniing qurilishi bilan tanishdi. Shu kuni OKMK rahbariyati va mehmonlar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA