Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniya uchinchi turda durang o‘ynadi, Vengriyada g‘alaba
09:29 / 2024-06-24

Yevropa chempionatining guruh bosqichi 3-turi ham boshlandi. Unda "A" guruhidan o‘rin olgan Shveysariya – Germaniya, Shotlandiya – Vengriya termalari o‘zaro raqobatlashdi.

Shveysariya – Germaniya terma jamoalari bahsi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Uchrashuvda dastlab shveysariyalik Dan Ndoye 28-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, germaniyalik Niklas Fyullkrug 90+2-daqiqada gol urib, vaziyatni tenglashtirdi.

Shu tariqa, Germaniya 7 ochko bilan guruhni birinchi, Shveysariya esa 5 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rin bilan yakunladi. Ushbu uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi Shveysariya termasi sardori Jaka deb topildi.  

Shotlandiya – Vengriya (0:1) terma jamoalari o‘yinida Kevin Chobot 90+10-daqiqada gol urib, vengriyaliklarga 3 ochko keltirdi. Bu natija esa Vengriya termasini guruhda uchinchi o‘ringa olib chiqdi. Bahsda yagona golga assistentlik qilgan Shallari eng yaxshi futbolchi deya e’tirof etildi.  

Ayni paytda bu guruhdan 3 ta jamoa pley-offga yo‘l olish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Sababi, Vengriya termasi eng yaxshi 3-o‘rin egalari orasida 3-pog‘onani egallab turibdi. Germaniya va Shveysariya guruh peshqadamlari sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oldi.  

Bugun, 24 iyun kuni "B" guruhida pley-offga yo‘l oladigan jamoalar aniqlanadi. Jumladan, Albaniya – Ispaniya, Xorvatiya – Italiya terma jamoalari 3-tur doirasida kuch sinashadi.  

Mazkur guruhda Ispaniya 6 ochko jamg‘arib, birinchilardan bo‘lib nimchorak final yo‘llanmasini naqd qilib bo‘lgan. Qolgan uch jamoada guruh bosqichidan chiqish imkoniyati mavjud. Buning uchun Xorvatiya va Albaniyaga faqat g‘alaba yordam bera oladi va bu orqali guruhda ikkinchi o‘rinni egallashlari ham mumkin.  

Bugungi ikki uchrashuv ham Toshkent vaqti bilan soat 23:59 da start oladi.  

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA