O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida – “Mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, ushbu qarorda ko‘rsatilgan kredit va grantlardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
KfW bankining krediti kredit liniyasi uchun yo‘naltiriladi hamda taqsimlangan mablag‘lar miqdoridagi xarajatlar, shunindek, kredit liniyasi doirasidagi moliyaviy audit xizmati xarajatlari taqsimlangan mablag‘larga mutanosib ravishda Loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari tomonidan qaytariladi.
Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga subsidiyalar, qarz milliy valyutada beriladi.
Chet el valyutasining milliy valyutaga nisbatan kursi o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan qoplanadi.
Qaror bilan:
“Mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish” loyihasining asosiy ko‘rsatkichlari va mablag‘lardan foydalanish jadvali;
“Mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Germaniya taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kreditni qaytarish, foiz va qarzlar bo‘yicha boshqa to‘lovlarni to‘lashning prognoz jadvali tasdiqlandi.
Bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi 53-son qarori bilan tasdiqlangan 2025 yilda davlat tashqi qarzi jalb qilinishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalarining ro‘yxatida ko‘rsatilgan KfW banki ishtirokidagi Loyiha asosiy loyihalar ro‘yxatiga o‘tkaziladi.
Ikki oy muddatda KfW banki bilan kelishgan holda, Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarini tanlab olish mezonlari va beriladigan kreditni moliyalashtirishning muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash va baholash mezonlari belgilanib, KfW banki kreditidan foydalanish tartibi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025 yil 19 martdagi PF-50-son Farmoniga muvofiq kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklarining resurs bazasini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Germaniya taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
a) O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida tuzilgan moliyaviy hamkorlik kelishuviga asosan Germaniya taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasida “Mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish” loyihasini moliyalashtirish uchun yillik 2 foizli stavkada, 10 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 30 yil muddatga kredit ajratish bo‘yicha qarz va grant bitimlari imzolangan;
b) Loyihaning umumiy qiymati 26,5 mln yevro bo‘lib, shundan:
23,5 mln yevro KfW bankining kreditini;
3,0 mln yevro Loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq konsultatsiya xizmatlari uchun KfW banki grantini tashkil etishi;
v) Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2025 - 2030 yillar) etib belgilangan edi.
O‘zA