Namanganda Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari Ulug‘bek Husainov, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Oqibjon Imomov hamda “Taraz Agriculture Production” kompaniyasi direktori Yorg Andreas Dinkelaker va kompaniya hammuasisi Time Torsten ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Namanganda meva yetishtirishdan boshlab, ularni saqlash, qayta ishlash va eksport qilish majmuasini boshqarish bo‘yicha Germaniya tajribasi taqdimot qilindi. Ushbu tajriba asosida Yangiqo‘rg‘on tumanida mevalarni saqlash va eksport qilish majmuasini qurishga kelishildi.


Jumladan, dastlabki bosqichda loyiha doirasida kuniga 2 tonna mevani qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalarning yetkazib berilishi (joriy yil yozigacha), keyinchalik quvvatlarni 23 tonnaga (yil oxirigacha) yoki yiliga 8 ming tonnaga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qolaversa, loyiha doirasida nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, balki soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli o‘quv kurslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.


– Loyihamizdan maqsadi quritilgan mevalar, tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqish uchun olma, olxo‘ri va o‘rikni qayta ishlash va kelgusida Namangan brendi ostida tayyorlangan tabiiy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilishdir, – deydi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari Ulug‘bek Husainov. – Bu esa, nafaqat mahalliy bog‘bonlar uchun kafolatlangan bozor, balki hudud iqtisodiyoti rivoji uchun yangi imkoniyatdir. Qayd etish lozimki, loyiha amalga oshiriladigan majmua hududida haroratni saqlashning avtomatlashtirilgan tizimlariga ega bo‘lgan omborlar qurilishi, Yevropa va Xitoy mamlakatlarida ishlab chiqarilgan quritish kamerasi va o‘rindiqli quritgichlar, zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan sisternalarni barpo etish ko‘zda tutilgan. Mazkur uskunalar yordamida qayta ishlash orqali eng past sifatli mevalarni ham yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish mumkin bo‘ladi.
Investorlar Yangiqo‘rg‘on tumanida ham bo‘lib, majmua hududi va infratuzilma imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. Tabiiy iqlim va qulay logistika sharoitlari loyihaning muvaffaqiyati uchun mustahkam poydevor bo‘lishi ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.