Germaniya Qurolli kuchlari tizimida sezilarli o‘sish kuzatildi shaxsiy tarkib soni 184 200 kishiga yetdi. Bu haqda GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius ma’lum qildi.
Chaqiruv to‘xtatilgandan keyingi davrda ilk bor harbiy xizmatga yollash bo‘yicha yuqori natijaga erishdik, - dedi u DPA axborot agentligiga bergan intervyusida. - Bundan tashqari faol xodimlar soni 12 yil ichida eng yuqori darajaga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, taxminan 3000 oshganini anglatadi.
Askarlar ko‘payishi Bundesverga ishonch ortishi belgisi sifatida ta’riflanyapti.
- Yoshlarda mamlakat tashqi xavfsizligiga daxldorlik hissi kuchaymoqda, - deya so‘zini davom ettirgan mulozim. - 2026 yil ko‘plab g‘ayratli, fidoyi erkaklar va ayollar fuqarolik yoki harbiy xizmatga boradi. Ular yangi harbiy tizimning bir bo‘lagiga aylanishlari yoki uzoqroq muddat xizmat qilish istagini bildirishlariga ishonchimiz komil.
2024 yil Germaniya Qurolli kuchlaridagi faol harbiy xizmatchilar 181 000 kishigacha kamaytirilgan edi. Endi esa NATOning yangi maqsadlariga erishish uchun faol armiya 2030 yillar o‘rtalariga kelib 260 000 kishiga yetishi kutilyapti. Bundan tashqari 200 000 kishi zaxirada bo‘lishi kerak.
Agentlik ta’kidlashicha, zaxira asosan yangi harbiy xizmatda burchini o‘taydigan erkak va ayollardan iborat bo‘ladi.
Germaniyada 1 yanvardan kuchga kirgan ixtiyoriy harbiy xizmatning yangi formati to‘g‘risidagi qonun Shvetsiya modeli asosida ishlab chiqilgan va 2007 yil 31 dekabrdan keyin tug‘ilgan barcha yigitlardan vazni, bo‘yi va shaxsiy ma’lumoti kiritiladigan so‘rovnoma to‘ldirishni talab qiladi. Ayollar esa shunday varaqani ixtiyoriy ravishda to‘ldirishi mumkin. GFRda ayni payt harbiy ro‘yxatga olish tizimi raqamlashtirish asosida takomillashtirilmoqda. Qonunda xavfsizlik holati yomonlashgan yoki ixtiyoriy xizmat imkoniyati cheklangan taqdirda 2011 yilda to‘xtatilgan muddatli harbiy xizmatni qayta tiklash ko‘zda tutilgan.
S.Rahimov, O‘zA