Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi Huquqiy masalalar va iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha qo‘mitasi raisi Myuller Karsten boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya vakillari quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov bilan uchrashdi.
Muloqotda mehmonlarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishidagi ishlar hamda bu boradagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha axborot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati, ularning davlat siyosati va qonun ijodkorligi jarayonidagi o‘rni, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari, parlament palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni rivojlantirishdagi hamkorligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni barcha ustuvor sohalarda rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Myuller Karsten boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda ham bo‘lib, Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdilar. Mazkur ta’lim muassasasida huquqshunos kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar, ta’lim jarayonlari bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, mehmonlar Samarqand viloyati adliya boshqarmasida bo‘ldilra. Bu yerda mehmonlarga advokatura institutining faoliyati, viloyat adliya boshqarmasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
M.Komilova, O‘zA