O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Berlin shahrida Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi bosh direktori Mixayel Xarms rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, GSP+ tizimi doirasida Yevropa davlatlariga mahsulot eksporti turlarini kengaytirish, texnik tartibga solish va standartlashtirish sohasida ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.

Nemis kompaniyalarining ilg‘or tajribalari asosida "yashil" energetika, IT, sifat infratuzilmani rivojlantirish sohalaridagi loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi. Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi bilan keng qamrovli hamkorlikka qaratilgan hujjat imzolandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi mamlakatimiz vakillari Berlin shahrida Germaniya Federal fizika-texnik instituti direktori o‘rinbosari Tobias Sheffter bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yangi loyiha doirasida sifat infratuzilmasini rivojlantirish, mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohasida samaradorlikni oshirish maqsadida nemis mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish va Global sifat infratuzilmasi indeksiga oid masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Germaniya Federal fizika-texnik institutining mavjud metrologiya laboratoriyalar faoliyati bilan tanishildi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra, 2025-2028 yillarda "O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun milliy sifat infratuzilmasini isloh qilish va xizmatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasi (1,5 mln. dollar)ni amalga oshirishga qaratilgan kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, Germaniyaning Shtutgart va Frankfurt shaharlarida hamkorlik yuzasidan muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Shtutgart shahrida joylashgan "Hohenstein Laboratories GmbH & Co. KG" instituti hamda Frankfurt shahridagi VDE sinov va sertifikatlashtirish instituti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda elektrotexnika va to‘qimachilik sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, 2024 yilda elektrotexnika mahsulotlari 1 mlrd.ga, to‘qimachilik mahsulotlari 2,8 mlrd.ga yetgani va bunda O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika va to‘qimachilik xabiga aylanishi mumkinligi qayd etildi.

Tekstil va elektrotexnika mahsulotlarida qo‘llanilayotgan xalqaro standartlar va metodlar, OEKO TEX sertifikati, SE markirovkasi, laboratoriyalar faoliyatini takomillashtirish, mahsulotlarni eksport qilishda sinovlarning o‘rni, mutaxassislar tayyorlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
"Hohenstein Laboratories GmbH & Co. KG" instituti, VDE sinov va sertifikatlashtirish instituti vakillari O‘zbekistonda raqobatbardosh korxonalar oshib borayotganidan mamnunligini va bunda har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv natijasiga ko‘ra, “Hohenstein Laboratories GmbH & Co. KG” instituti va VDE sinov va sertifikatlashtirish instituti bilan tekstil va elektrotexnika mahsulotlari sinovi bo‘yicha hamkorlik qilishga hamda agentlik mutaxassislari uchun trening-kurslar tashkil etishga kelishib olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA