Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi hamda Germaniyaning “Thüringen Recycling GmbH” va “ZM Vakuum GmbH” kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, shaharsozlik, sanoat va chiqindini qayta ishlash, yashil energetika va barqaro rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni jadallashtirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Mazkur sa’y-harakatlar natijasida Germaniya kompaniyalari bilan yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xususan, Germaniyaga oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotgani, Germaniya ishbilarmonlari uchun yaratilgan biznes muhit hamda Toshkent shahrida mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
“Thüringen Recycling GmbH” kompaniyasi vakili Lars Kossak Toshkent shahri bilan hamkorlikka qiziqish kattaligini bildirib, Toshkent shahri va Tyuringiya hududlari o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni, balki yashil iqtisodiyot, energetika hamda boshqa istiqbolli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikki davlat manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘z o‘rnida, Tyuringiya hududida chiqindini yig‘ish, qayta ishlash va saqlash tajribalari, ushbu tajribani Toshkent shahri va Toshkent viloyatlarida tatbiq etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro foydali kelishuvlar yo‘lida muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA