“Reuters” axborot agentligi xabar berishicha, Germaniya huquqiy muammolar sabab Isroilga yangi urush qurollari eksport qilishni to‘xtatdi. Bunday qaror qabul qilinishiga jo‘natilayotgan mahsulotlar G‘azodagi gumanitar qonunlarni buzganligi bilan bog‘liq sud jarayoni natijasida yuzaga kelgan huquqiy va siyosiy bosim sabab bo‘lgan.
Eksport litsenziyasini tasdiqlovchi Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil GFR Isroilga 326,5 million yevroga teng harbiy texnika va urush quroli jo‘natgan. Bu 2022 yilga nisbatan 10 barobar ko‘p.
Vazirlik parlament so‘roviga javoban taqdim etgan hisobotda esa bu yilgi ulush kamaygani – yanvardan 21 avgustgacha bor-yo‘g‘i 14,5 million yevro ajratilgani ko‘rsatilgan. Bu miqdarda urush qurollari toifasi qiymati atigi 32 449 yevroga teng.
G‘azo Sog‘liqni saqlash idorasi urush boshlangandan buyon 41 mingdan ko‘p falastinlik o‘ldirilgani, 2,3 million aholi ko‘chishga majburlangani, ochlik inqirozi yuzaga kelganini ta’kidlaydi. Jahon sudi tomonidan qo‘yilayotgan genotsid ayblovini Isroil inkor qilib keladi.
Germaniya Isroilga qurol eksport qilishi bilan bog‘liq hech bir amliyot, jumladan Nikaragua tomonidan Xalqaro sudda qo‘zg‘atilgan ish hali muvaffaqiyat qozonmadi.
Hukumat ichidagi kelishmovchilik
Ayni vaziyat hukumat ichida kelishmovchilik keltirib chiqarmoqda, chunki Kansler Isroilni qo‘llaydi. Yashillar boshchiligidagi iqtisodiyot va tashqi ishlar vazirliklari partiya a’zolari qarshiligiga qaramay, Netanyaxu ma’muriyatini qoralamoqda.
Yevropa bo‘ylab kuzatilayotgan huquqiy muammo Isroilning boshqa ittifoqchilarini ham qurol eksportini to‘xtatishga majburlamoqda. Masalan, Birlashgan Qirollik shu oy Isroil xalqaro gumanitar qonunlarni buzayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir olib, qurol eksporti uchun berligan 350 litsenziyadan 30 tasini bekor qildi. Fevral oyida Niderlandiya sudi mamlakatga Isroil uchun ajratilayotgan F-35 qiruvchi samolyoti ehtiyot qismlaridan G‘azodagi begunoh aholi yashaydigan manzillarga hujum qilishda foydalanilishi bilan bog‘liq xavotir sabab ushbu davlatga har qanday eksportni to‘xtatishni buyurdi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati avvalroq mamlakat qurollari G‘azoning aholi zich joylashgan hududlarida qo‘llanishidan qo‘rqib, ba’zi bombalar jo‘natilishini bir muddatm to‘xtatgan va keyin yana davom ettirgan. Boshqa turdagi qurollarga cheklov qo‘yilmagan, chunki AQSH rasmiylari mudom Isroil o‘zini himoya qilish qobiliyatiga muhtojligini ta’kidlaydi.
Berlinga qarshi besh xil da’vo qo‘zg‘atgan Konstitutsiyaviy va inson huquqi bo‘yicha Yevropa markazi advokati xulosasiga ko‘ra, 2024 yil uchun ruxsatnoma sezilarli darajada kamayishi Isroilga qurol yetkazib berish vaqtincha cheklanishidan dalolat. Shu bilan birga huquqshunos ayni vaziyatni siyosatdagi ongli o‘zgarish sifatida baholamasligini ham qo‘shimcha qilgan.
S.Poyonov, O‘zA