Germaniya fuqarolik berish tartibini soddalashtirmoqchi
Germaniya Federativ Respublikasi ichki ishlar vaziri Nensi Fezer fuqarolikka qabul qilinish uchun xorijliklarning mamlakatda bo‘lish muddatini sakkiz yildan besh yilga qisqartirish, boshqa davlat fuqaroligidan chiqish shartini bekor qilish hamda bolalar va keksalar uchun maxsus qoida joriy etishni taklif qildi.
Xususan, 67 yoshdan yuqori insonlar uchun mamlakatda til bilish darajasini beshlgilaydigan sertifikat talab etish bekor qilinishi mumkin. Buning o‘rniga kelajakda fuqaro nemis tilida fikrini yetarlicha tushuntirib berishi tartibi qo‘llanadi. Shuningdek, bunday keksalar Germaniya madaniyati va tarixini bilishi zarurligi bo‘yicha hozir amalda bo‘lgan imtihonni ham topshirmaydilar.
Vazir otasi yoki onasi ushbu mamlakatda besh yil istiqomat qilgan, Germaniyada tug‘ilgan bolalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berishni ham taklif qildi. Bu boradagi qonun loyihasi to‘liq ishlab chiqilgach, federal hukumat hujjatni tasdiqlashi kerak.
G. Abdullayeva, O‘zA