English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniya armiyasi obro‘li bo‘linmasida janjal chiqdi
18:28 / 2026-01-15

Germaniya Qurolli kuchlarining yuqori martabali generali Karsten Broyer eng obro‘li desant bo‘linmasi jiddiy qonunbuzarlik ortidan chuqur larzaga kelganini bildirdi. Gap jinsiy zo‘ravonlik, o‘ng qanot ekstremizmi, giyohvand moddalar iste’moli va kamsitish holati haqida ketyapti.

Berlinda jurnalistlar oldida so‘zlagan general Broyer armiyada salbiy xatti-harakatlarga mutlaqo toqat qilinmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qilmishni oqlaydigan harbiylar zobit sifatida xizmat qilish huquqiga ega emas.

Janjal 26-desant polkida xizmat qilayotgan ayol harbiylar shikoyatidan keyin yuzaga chiqqan. Mazkur bo‘linma avval Sudandan Germaniya fuqarolarini evakuatsiya qilish va boshqa xalqaro amaliyot tadbirlarida ishtirok etgan. Da’vo Bundestagning Qurolli kuchlar bo‘yicha vakiliga yetkazilgan.

Ushbu voqea Germaniya armiyasi uchun o‘ta nozik pallaga to‘g‘ri keldi. Ayni payt mamlakat 18 yoshga to‘lgan yoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlamoqda. Mazkur qadam AQSHning NATO doirasida Yevropa davlatlaridan mudofaa mas’uliyatini oshirish talabi bilan bog‘liq.

Muxolif “Yashillar” partiyasi mudofaa vaziri Boris Pistoriusni mas’uliyatdan qochishda ayblagan. Partiya vakili Agneshka Brugger fikricha, hozirgi muammolar ildizi avvalgi konservativ rahbariyat davriga taqaladi. Yuzaga kelgan vaziyat mamlakat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.

Armiya rahbariyati hozirgacha qator intizomiy choralar ko‘rilgani, jumladan bir necha harbiy xizmatdan chetlatilgani, 16 ish fuqarolik prokuraturasiga topshirilganini aytdi. Shu bilan birga tekshiruv yetarlicha darajada chuqur olib borilmagani ham tan olingan.

Mazkur mojaro armiyada islohot o‘tkazish, ayniqsa rahbarlik va nazorat tizimini kuchaytirish zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ushbu masala nafaqat harbiy intizom, balki jamiyat ishonchi hamda milliy xavfsizlik masalasiga aylanmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA