Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Gerbofarm” xususiy korxonasiga press-tur
17:50 / 2022-09-09

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Gerbofarm” xususiy korxonasiga press-tur tashkil etildi.

Tadbir dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarning ahamiyatini tushuntirish maqsadida tashkil etildi.

Press-tur davomida jurnalistlar dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etilishicha, mazkur “Gerbofarm” xususiy korxonasi dorivor o‘simliklarni ekish, yig‘ish, quritish, saqlash, qayta ishlash va ulgurji sotish bilan shug‘ullanadi. Xozirgi kunda 8 gektar yer maydonida eng talab yuqori bo‘lgan 13 turdagi dorivor o‘simliklar: moychechak, na’matak, tirnoqgul, tukli erva, valeriana, qalampir yalpiz, dorivor mavrak kabilar ekib o‘stirilmoqda.

Bu yerda barcha dorivor o‘simliklar qo‘l mehnati asosida ekiladi. Begona o‘tlardan tozalanib, organik o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Xomashyosi guli yoki mevasi bo‘lgan o‘simliklar gullari va mevalari qo‘l bilan bitta-bitta yig‘iladi, xomashyosi yer ustki qismida bo‘lgan dorivor o‘simliklar qo‘lda o‘rib olinadi va soya-salqin, havo yaxshi aylanadigan joyda quritish uchun mo‘ljallangan stellajlarga yoyib quritiladi. Qoplarga joylangan xomashyo omborxonalardan kerakli miqdorda olinib, ishlab chiqarish sexining saralash bo‘limiga yuboriladi. Bu bo‘limda dorivor o‘simlik xomashyosi begona o‘tlardan, turli xil begona aralashmalardan tozalanib, maydalash uchun tegirmonxonaga o‘tkaziladi. So‘ngra maxsus o‘lchamli elaklardan o‘tkazilib, qadoqlash bo‘limiga yuboriladi.

Gofra qutilar «mahsulot nomi, ishlab chiqaruvchi nomi, manzili, seriya va yaroqlilik muddati, qutidagi mahsulot soni» ko‘rsatilgan maxsus etiketkalar bilan tamg‘alanib, karantin omborxonasiga yuboriladi. Ma’lum miqdorda tayyor bo‘lgan dori vositalariga muvofiqlik sertifikati olingandan so‘ng mahsulotlar tayyor dorilar omborxonasiga o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda “Gerbofarm” xususiy korxonasi tomonidan dorivor o‘simliklardan 42 turdagi dori vositasi ishlab chiqarilmoqda. Korxona mazkur dori vositalarini ulgurji dorixonalarga, shifoxona va sanatoriylar fitobarlariga yetkazib beradi.

“Gerbofarm” xususiy korxonasiga 1994 yilda asos solingan bo‘lib, o‘z faoliyatini dorivor o‘simliklarni yarim qadoqlangan shaklda Rossiya davlatiga eksport qilishdan boshlagan. Keyinchalik 30gr, 50gr, 100gr. dan polietilen paketlarga qadoqlangan. Korxona tashkil topgan davrdan boshlab 2017 yilgacha dorivor o‘simliklar xomashyosini turli viloyatlarda joylashgan o‘rmon xo‘jaliklardan sotib olgan. 2017 yilda esa dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ularning turlarini saqlab qolish va noyob o‘simliklarni ko‘paytirish, shuningdek, respublikamiz aholisini dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Qibray tuman hokimiyati tomonidan “Gerbofarm” xususiy korxonasiga 8 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shu yildan korxona dorivor o‘simliklarni tabletka, kapsula va fitochoy holida ishlab chiqarishni boshladi.

Korxona kelajakda dorivor o‘simliklardan galen preparatlari, mazva boshqa dori shakllarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

M.Qosimova, O‘zA