28 iyul – Xalqaro gepatitga qarshi kurashish kuni
Poytaxtimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Xalqaro gepatitga qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddi vakillari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari xodimlari, gepatologlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Butunjahon gepatit alyansining 2021 yil iyul oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 millionga yaqin odam vafot etadi.

Bu borada yurtimizda vaziyat qanday? Kasallikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, davolash ishlari qay tartibda amalga oshirilmoqda?
– Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda, – dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov. – Mazkur qarorda virusli gepatitning V va S turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish borasida bir qator muhim vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda yurtimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrininglar tashkil etildi. Respublikada virusli gepatit V va Sni barvaqt aniqlash maqsadida 2023 yildan boshlab 1 mln. 924,9 ming nafar aholini ushbu infeksiyalarga skriningdan o‘tkazish belgilangan.
Hozirgacha, aniqroq aytadigan bo‘lsam, 2025 yil 30 iyun holatiga respublikada aholining 1 595 589 nafari (82,9 foizi) virusli gepatit V turiga skriningdan o‘tkazilgan. Virusli gepatit S turiga 1 595 760 nafar (82,9 foizi) odam skriningdan o‘tkazilgan. Virusli gepatitning V turiga skriningdan o‘tkazilgan aholining 43 679 nafarida (2,7 foizida) musbat natija aniqlangan. Skriningdan o‘tkazilgan aholining 52 834 nafarida (3,3 foizida) virusli gepatit S turiga musbat natija aniqlangan.

2023-2024-2025 yil yanvar holatiga Respublikada PZR tekshiruvi natijalariga ko‘ra virusli gepatit Sga musbat aniqlangan shaxslarni davolash maqsadida 20 ming 120 nafar bemorga “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” virusga qarshi dori vositalari berilgan.
Misr Arab Respublikasidan beg‘araz yordam sifatida 800 ming qadoq “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalari olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kundacha beg‘araz yordam sifatida yuborilgan gepatit Sga qarshi 60 ming qadoq “Daklatasvir” va 7 ming qadoq “Sofosbuvir” dori vositalari gepatit S aniqlangan bemorlarga bepul tarqatilmoqda.
Kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar, xususan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi 119 ming 13 nafar tibbiyot xodimining gepatit V infeksiyasiga qarshi emlangani va bu borada tegishli ma’lumotlar shakllantirilgani aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini virusli infeksiyalarni erta aniqlash uchun zarur sarflov materiallari – reagent va test-to‘plamlari bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlanmoqda. Barcha davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya xizmatida jigarning surunkali virusli kasalliklariga chalingan bemorlar bo‘yicha yagona elektron reyestrning yaratilgani ham ushbu yo‘nalishdagi profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA