Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geosiyosiy voqealar qisqa satrlarda
15:56 / 2024-07-13

​​Bayden Putin bilan gaplashishga tayyorligini bildirdi

AQSH Prezidenti Жо Bayden ta’kidlashicha, u Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazishga tayyor, biroq hozir suhbatlashishga yetarli asos yo‘q.

– Putin bilan gaplashish uchun hozircha menda yetarli sabab yo‘q, – dedi u NATO sammitidan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Binobarin, dunyoning har qanday davlati yetakchisi bilan gaplashishga tayyorman.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi bor Putin bilan koinotda yadro qurolini nazorat qilish bo‘yicha shartnoma doirasida suhbatlashgan. O‘shanda muzokara uzoq cho‘zilmagan.

Erdog‘an: Istanbul 2026 yil NATO sammitiga mezbonlik qilishi mumkin

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bayonot berishicha, NATOning 2026 yildagi sammiti Istanbulda bo‘lishidan umidvor. Tabiiyki, hali bu haqda yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Faqat Vashingtonda yakunlangan NATO sammitida qabul qilingan deklaratsiyada tashkilotning har yilgi oliy darajadagi uchrashuviga 2026 yil Turkiya mezbonlik qilishi qayd etilgan.

Yevropa Xitoyga investitsiyani kamaytirmoqchi

Jo Bayden Vashingtonning Yevropadagi qator ittifoqchilari Xitoyga investitsiya kiritishni qisqartirishga tayyorligini aytdi. Bunga Chin mamlakatining Rossiya bilan iqtisodiy hamkorligi davom etayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

BMT Rossiyani Zaporoje AESdan harbiylarini olib chiqishga chaqirdi

BMT Bosh Assambleyasi Rossiya harbiylarini Zaporoje atom elektr stansiyasidan olib chiqish, ob’ektni Ukraina nazoratiga topshirish  to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi. RF ushbu hujjat qabul qilinishini siyosiylashtirilgan va g‘arb davlatlari manfaatiga xizmat qiluvchi harakat, deya bayoholadi.

“RIA Novosti” yozishicha, 99 ovoz bilan qabul qilingan rezolyutsiyaga to‘qqiz mamlakat qarshi ovoz bergan. 60 kishi betaraf qolgan. Darvoqe, Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasidan farqli o‘laroq, Bosh Assambleya qabul qilgan rezolyutsiya yuridik kuchga ega emas.

Turkiya SHHTga a’zo bo‘lmoqchi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqaraning maqsadi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish ekanini bildirdi.

TRT Haber” kanali namoyish qilib borgan matbuot anjumanida Turkiya yetakchisi jumladan shunday degan:

– Maqsadimiz kuzatuvchilik emas, balki doimiy a’zo maqomiga erishish. Ushbu masala yaqinda bo‘lib o‘tgan Ostona sammitida muhokama qilindi. Hamkorlardan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘radik.

Yaqinda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anqaraning BRIKSga a’zo bo‘lish istagi haqida gapirgandi

Yevropa katta urushga tayyorlanmoqda(mi?)

Yevropa Ittifoqi elektromobillarga solingan boj sabab Xitoy bilan keng ko‘lamli savdo urushiga tayyorlanmoqda. Bu jarayonda xalqaro davlat xaridiga nisbatan keskin chora ko‘rish mexanizmi qo‘llanishi mumkin.

Economist” jurnali yozishicha, iyul oyi boshida Yevropa Komissiyasi Xitoy elektromobillariga boj miqdorini oshirdi. Keyinroq Pekin bu haqda Jahon savdo tashkilotiga arz qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilib, javob choralari qo‘llashini bildirdi.

– Yevropa jiddiy savdo urushiga tayyorlanmoqda, – deyilgan nashr e’lon qilgan maqolada. – Mojaro hali davom etishi, ayni jarayonda YeI “yangi qurollari”ni ishga solishi mumkin.

Jurnalistlar ta’kidlashicha, YeI qo‘llaydigan choralardan biri xalqaro xarid mexanizmi bo‘lishi mumkin. Agar Xitoy  Bryussel talabini bajarmasa, YeI Xitoy kompaniyalarining ko‘hna qit’a davlatlari tenderlaridagi ishtirokini cheklab qo‘yishi mumkin.

Xitoy Tojikistonda harbiy baza qurayotgani haqidagi xabarni rad etdi

– Sizlar esga solgan vaziyatdan bexabarman– dedi XXR TIV vakili Lin Szyan matbuot anjumanida Xitoy Tojikistonda maxfiy harbiy baza qurayotgani haqida tarqalgan xabarni sharhlar ekan. – Ishonch bilan aytishim mumkinki, Xitoy har doim tinchlikka qaratilgan mustaqil tashqi siyosat olib boradi va Markaziy Osiyoda hech qanday harbiy bazaga ega emas.

Tojikiston Mudofaa vazirligi ham mamlakat hududidagi Xitoy harbiy bazasi haqida eshitmaganini ta’kidladi, deb xabar tarqatdi “RIA Novosti” mudofaa idorasi manbalariga tayanib.

Bir nech kun oldinThe Telegraph” nashri Xitoy Afg‘oniston tomonidan tahdid mavjudligi tufayli so‘nggi 10 yil davomida Tojikistonda maxfiy harbiy baza qurayotganini yozgandi.

Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berilishi masalasini hal qilishga va’da berdi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ma’lum qilishicha, amerikalik hamkasbi Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berish masalasini 3-4 haftada hal qilishga va’da bergan.

– Janob Bayden bilan kecha ham, bugun ham gaplashdik, – dedi Turkiya yetakchisi Vashingtonda uyushtirilgan matbuot anjumanida. – U muammo 3-4 haftada hal bo‘lishini ma’lum qildi. Turkiyaga qaytayotganimda ushbu masalani yana bir bor eslatdim. Ehtiyot qismlar masalasini ham muhokama qildik.

Turkiyaga berilishi ko‘zda tutilayotgan qiruvchi samolyotlarning aniq soni hozircha ma’lum emas. Mahalliy matbuot mamlakat AQSHdan  40 ta yangi “F-16 Block70” samolyoti hamda o‘zidagi 79 samolyotni modernizatsiyalash uchun ehtiyot qism  so‘ragan. Buyurtma ko‘pligi sabab yetkazib berish 2028 yilgacha cho‘zilishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

S.Rahimov, O‘zA