Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geologiya va tog‘-kon sohasida yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
17:32 / 2025-09-17

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatidan to‘liq foydalanish mamlakat taraqqiyotining muhim ustunlaridan hisoblanadi. Shu bois, sohalar kesimida rahbariyat va yoshlar o‘rtasidagi ochiq muloqotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu kabi uchrashuvlar yosh kadrlarning ilmiy salohiyatini namoyon etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish va ularni sohaviy islohotlarga jalb qilishda muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida  o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham ishtirokchilarga ana shunday imkoniyatni yaratib berdi.

Tadbirda vazir o‘rinbosari Ural Yusupov so‘zga chiqib, tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar, izlanuvchi olimlar va mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. 

Unda qayd etilganidek, yoshlar sohaning kelajagi, taraqqiyot va yangilanishning asosiy tayanchi hisoblanadi. Ular ilmiy izlanishlari, yangicha qarashlari va innovatsion g‘oyalari bilan sohadagi islohotlarga kuchli turtki bermoqda. Shu bois, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish va kasbiy o‘sishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat va sohaviy rahbariyatning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shunga asosan uchrashuvda asosiy e’tibor sohadagi islohotlarni amalga oshirishda yoshlarning o‘rni, ularning g‘oya va takliflarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratildi. 

Rahbariyat tomonidan yoshlar bildirgan tashabbus va g‘oyalar diqqat bilan tinglandi. Xususan, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarida samaradorlikni oshirish, xavfsizlikni ta’minlash hamda ilmiy salohiyatdan foydalanish masalalari alohida muhokama etildi. 

Uchrashuv yakunida rahbariyat yoshlar bilan muntazam muloqotni davom ettirish, bildirilgan taklif va tashabbuslarni atroflicha o‘rganish hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ish rejasi ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yosh kadrlarning kasbiy o‘sishi va ularning salohiyatidan samarali foydalanish kelgusidagi strategik vazifalardan biri ekani qayd etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA