Keyingi yillarda yurtimizda geologiya sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, barcha talablarga to‘la javob beradigan zamonaviy tizimga aylantirish choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston ko‘plab foydali qazilmalarga boy mamlakat. Ular orasida qimmatbaho metalllar alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi kunda respublikamizda 60 dan ortiq oltin ma’danli konlar o‘rganilgan bo‘lib, ularning 40 ga yaqini Qizilqum kengliklarida joylashgan. Ushbu oltin ma’danli konlar Navoiy kon-metallurgiya kombinatining asosiy xomashyo zaxirasi hisoblanadi. Bu ishlarni amalga oshirish kombinat geologiya sohasi tuzilmasi zimmasiga yuklangan.
“Navoiy KMK” AJ Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i To‘lqin Bobonov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:
– Geologiya-qidiruv ekspeditsiyamiz 2017 yil iyul oyida kombinatning tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etilib, hozirda bu yerda 587 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 168 nafarini muhandis-texnik xodimlar, shundan, 310 nafarini yoshlar va 74 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
O‘tgan sakkiz yil mobaynida kombinatda dunyo tajribasidan kelib chiqib, juda katta marralarga erishildi. Jumladan, kombinat tarixida ilk bor konsalting kompaniyasi mutaxassislari tavsiyasi bilan foydali qazilmalar zaxiralari JORC kodeksi talablari asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda kombinatning olti nafar mutaxassisi dunyoga mashhur xalqaro institutlaridan biri bo‘lgan – Avstraliyaning konchilik ishi va metallurgiya institutining a’zolari hisoblanadi.
Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi geologiya qidiruv yo‘nalishida ham ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yangi texnologiyalar, dasturiy ta’minotlarni qo‘llash orqali tizimda bosqichma-bosqich raqamlashtirish jarayoni olib borilmoqda.
Xususan, konlarni modellashtirish jarayonida integratsiyalangan “Micromine” modul dasturi, geologik ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va boshqarishni ta’minlaydigan, butun kombinatda yagona geoinformatsion ma’lumotlar muhitini yaratishga imkon beradigan “Seobank” va “Seobank Mobile” kabi dasturlar joriy etilmoqda. Bu bosqichda namunalash, geologik hujjatlashtirish, namunalarga ishlov berish, laboratoriyaga jo‘natish, laboratoriya tahlillariga bog‘liq barcha ma’lumotlar axborot bazasiga kiritiladi.
2018-2025 yillarda ekspeditsiya mutaxassislari tomonidan olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlari natijasida “Qoraqo‘ton”, “Yangi Dovon”, “Kolchiktov”, “Rohat”, “G‘arbiy Rohat”, “Beshashi”, “Charmitan”, “Qoqpatas” va boshqa konlarida oltin zaxiralarini o‘stirishga erishildi va belgilangan hujjatlar asosida qazib oluvchi korxonalarga topshirildi.

Ayni paytda ekspeditsiyada 23 ta rusumdagi burg‘ilash uskunalari mavjud bo‘lib, turli joylarda geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Yuqori ish unumdorligiga ega “Boyles C6”, “C8C”, “HYDX-5a”, “8HYKD-8”, “CID-7A” va “CID-8A” rusumli zamonaviy burg‘ilash uskunalari bugun o‘zining yuqori ish unumdorligi bilan ulkan natijalarni bermoqda.

2023 yilda jami 54,4 ming pogonametr burg‘ilash ishlari olib borilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 64,4 pogonametrga yetkazildi. Joriy yilda esa 84,4 ming pogonametr burg‘ilash ishlarini amalga oshirish, jumladan, 60 ming pogonametr kolonkali burg‘ilash, 17 ming RC burg‘ilash, 7,4 ming pogonametr 2-gidrometallurgiya zavodi chiqindi saqlash omboridan kolonkali burg‘ilash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ekspeditsiyamiz tomonidan 2025 yilda birinchi marta 17 ming pogonametr RC burg‘ilash-ekspluatatsion qidirish ishlarini amalga oshirishga kirishganmiz. Bu ish ilk bor olib borilayotgani uchun sohamizda yangi qadam bo‘lib, biz uchun ham katta yangilik hisoblanadi. Shu bilan birga, ekspeditsiyamiz tomonidan 15 ta loyiha asosida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Ekspeditsiya oldida turgan muhim vazifalardan yana biri 2025 yilda oltinning S2 toifadagi zaxiralarini S1 toifasiga o‘tkazish orqali zaxiralarni qazib olishga tayyorlash va ekspluatatsion qidirish loyihalarini amalga oshirishdir.
O‘zA, A.Bo‘riyev