Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geologiya-qidiruv ishlari yangi bosqichda
13:23 / 2025-08-17

O‘tgan asrning 50 yillarida Qizilqum kengliklarida olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlari o‘z samarasini berdi. Natijada ushbu hududda ilk bora katta yer osti boyligi – uran zaxirasi borligi aniqlandi.

Keyinchalik izlanishlar ko‘lami kengayib, oltin konlari topildi va o‘zlashtirish ishlari olib borilgan.  

Uchquduq tumanidagi “Bukantau” geologiya qidiruv ekspeditsiyasi “Navoiyuran” davlat korxonasi tasarrufidagi korxona bo‘lib, 1979 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ekspeditsiyaning asosiy faoliyat turlaridan biri geologiya-qidiruv ishlarini olib borish orqali yangi istiqbolli uran konlarini izlab topish va zaxiralarni oshirishdir.

Geolog va geofiziklarning olib borgan izlanishlari va samarali mehnatlari tufayli markaziy Qizilqum hududlarida “Jengeldi”, “Aqtau”, “Baymin”, “Maylisay” singari o‘nlab istiqbolli uran konlari topilgan.

Hozir “Ziyonkok”, “Jasaga”, “Uchquduq”, “Qizilqoq” va “Maylisay” dala maydonlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.  

Shu paytga qadar ekspeditsiyada 10 ta burg‘ilash qurilmasi bo‘lgan bo‘lsa, yana 5 ta zamonaviy burg‘ilash qurilmalari keltirildi. Joriy yilning oxirigacha ularning soni 18 taga yetkaziladi. E’tiborlisi, yangidan keltirilayotgan burg‘ilash qurilmalari tarkibida buldozer, suv tashiydigan avtoulov, “Karataj” stansiyasi hamda vagon uylari bor.

Hozir ekspeditsiyada 294 nafar ishchi-mutaxassis mehnat qilib kelmoqda. Ularning 30 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lsa, 63 nafari muhandis-texnik xodimlardan iborat.

Ular yordamida o‘tgan 2024 yilda 412 ming pogonametr burg‘ilash ishlari bajarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 441 ming pogonametrga yetkazish rejalashtirilgan.  

– Geologiya-qidiruv ekspeditsiyamiz “Navoiyuran” DK da muhim ahamiyatga ega korxona hisoblanadi, – deydi “Bukantau” geologiya qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i Dilshod Husanov. – Bu yerda geologiya va geofizika, muhandislik izlanishlar maktabi va, eng asosiysi, fidokor, o‘z ishiga sodiq bo‘lgan mutaxassis va ishchilar jamoasi faoliyat yuritadi. Shu boisdan ular oldiga qo‘yilayotgan vazifalarni ortig‘i bilan uddalashmoqda. Ayni paytda 150 kilometr radiusda joylashgan 5 ta hududda geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. 200 nafardan ortiq ishchi-xodim 7 kunlik vaxta usulida ishlaydi. Maxsus vagonlardan iborat baza – yotoqxona tashkil etilgan bo‘lib, yotoqxona, oshxona, yuvinish bo‘limlaridan iborat.

Ekspedetsiyada geologiya va geofizika, burg‘ilash, mexanika, ishlab chiqarish bo‘limi hamda iqtisod va buxgalteriya singari bo‘linmalar mavjud. Avtogarajda “MAN” kamaz, K-700, yo‘lsiz yo‘llarda yurishga mo‘ljallangan “Isuzu D-max” rusumli 80 dan ortiq avtomashina va buldozerlar bor.   

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri