“Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy faoliyat turlaridan biri geologiya-qidiruv ishlarini olib borish orqali yangi istiqbolli uran konlarini izlab topish va zaxiralarni oshirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq 2024 yil uchun “Uran mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi” tasdiqlangan.

Geologiya-qidiruv ishlari orqali Bukantog‘ va Tomditog‘ tog‘larining yon bag‘irlaridagi uran mavjud hududlarni o‘rganish, shuningdek, bashorat-tematik loyihalar doirasida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash korxona tasarrufidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota”, “Bukantau”, “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari hamda Geologiya-qidiruv partiyasiga yuklatilgan.

Hozirda ushbu ekspeditsiya geolog va mutaxassislari hamda “Bukantau” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan Uchquduq, Ziyokon, Mingboy, Maylisay, Tomdi tumanida joylashgan Qizilqoq, Auminza, Toshqo‘ra, Mullali, Nurafshon, Jasaga va Oqberdi dala maydonlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.

Buning samarasida geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida bashorat resurslari va uran zaxiralarini o‘stirish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 3 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda ekspeditsiyada 10 ta burg‘ilash qurilmalari mavjud. Ular yordamida o‘tgan 2023 yilda 203 ming pogona metr burg‘ilash ishlari bajarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 270 ming pogona metrga yetkazish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri