Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geologiya- minerologiya sohasida amalga oshirilayotgan tadqiqot natijalari muhokama qilindi
14:28 / 2023-06-15

Geologiya fanlari universitetida geologiya-minerologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya ishlari hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, geologiya sohasi – mamlakat sanoati uchun mineral xomashyo qidirib topuvchi va  ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 70 dan ortiq mineral xomashyo turi bo‘yicha 2 mingdan ziyod kon faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Tadbirda yangi konlar topish uchun yer qa’rining yanada chuqurroq qatlamlarini geologik o‘rganish, murakkab tarkibli konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha sohaga ilmiy va innovatsion texnologiyalar keng joriy etilayotgani xususida to‘xtalib o‘tildi.  

– 2018 yil 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi, – deydi Oliy attestatsiya komissiyasi kon-geologiya yo‘nalishi bo‘yicha ekspert komissiyasi raisi Abdirashid Hasanov. – Qaror asosida geologiya va mineralogiya sohasini tubdan rivojlantirish, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish va o‘quv-ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, maqsadli davlat va xorijiy grantlarni jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Bugungi kunda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari huzurida sohaga tegishli 10 ta ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. 2017 – 2022 yillarda mazkur Ilmiy kengashlarda 51 nafar talabgor fan doktori (DSc), 142 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalariga tasdiqlandi.  

Amalga oshirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar asosida Olmaliq hududida 45 million tonna mis, 5 ming tonna oltin zaxirasi borligi tasdiqlandi. Yer ostidagi oltin tarkibli minerallardan oltin va boshqa noyob metallarni ajratib olishning yangi geotexnologik usullari ishlab chiqilib, oltin zaxiralarining istiqbolli hududlari aniqlandi.  

Tadbirda doktorantlar tomonidan ekspertlarga ko‘proq ilmiy ishlarga patent berish masalasi bo‘yicha savollar berildi.  

–Sohada yangiliklarni amaliyotga joriy qilish juda katta ahamiyatga ega, – deydi Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farrux Oxunov.  – Ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan doktorantlarimizning muallifliklari asosida olingan patentlari mavjud. Tadbirda patent egalari dissertatsiya yozmasdan himoyaga chiqish imkoniyati borligidan xabar topishdi. Bu ham yosh olimlar uchun juda katta imkoniyat. 

[gallery-12351]

Shuningdek tadbirda geologiya-minerologiya sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning ilmiy va amaliy natijalari xususida to‘xtalib o‘tildi. Olimlar va yosh tadqiqotchilar oldida sohani yanada rivojlantirish uchun bir qancha vazifalar turgani ta’kidlandi.  

N.Rahmonova,

D.Ernazarov (foto), O‘zA