Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi mamlakat iqtisodiy rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or dasturiy ta’minotlardan foydalanish samaradorlik va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik tufayli yangi bilim va texnologiyalarni olib kirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va SLB kompaniyasi vitse-prezidenti Kari Enn X.Kyuolaas-Xolland boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu xususda so‘z yuritildi.

Unda “O‘zbekgeofizika” AJ transformatsiya jarayonlarini jadal davom ettirish, SLB bilan Geologiya fanlari universitetida ta’lim jarayonlarida hamkorlik, uglevodorod xomashyosi konlarini modellashtirish bo‘yicha o‘quv dasturini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Ta’kidlash kerakki, SLB - AQSHda asoslangan xalqaro neft va geologiya texnologiyalari kompaniyasi bo‘lib, dunyo bo‘ylab 120 dan ziyod mamlakatda faoliyat yuritadi. Shunga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik har jihatdan amaliy ahamiyatga ega.

Shundan so‘ng hamkorlik doirasida GFU rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, SLB kompaniyasi tomonidan universitet uchun qiymati 11 million AQSH dollarini tashkil etuvchi maxsus dasturiy ta’minotlar kompleksi akademik litsenziyasi beg‘araz taqdim etildi. Shuningdek, SLB kompaniyasining maxsus dasturiy ta’minotlaridan akademik maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan o‘quv xona foydalanishga topshirildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur hamkorlik nafaqat Geologiya fanlari universitetining ta’lim jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar bilan boyitadi, balki mamlakatning tog‘-kon va geologiya sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va xalqaro standartlarga moslashtirishga ham xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA