Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Ushbu yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Geologiya fanlari universiteti rahbariyati, universitet tarkibiga kiruvchi to‘rtta ilmiy tadqiqot institutlari direktorlari hamda fakultet dekanlari Bektemir tumani Xalq ta’limi bo‘limiga tashrif buyurishdi.
Xalq ta’limi bo‘limidagi uchrashuvda umumta’lim maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga qiziqishini oshirish, oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda matematika fani o‘qituvchilariga metodik yordam berishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Tadbirda Toshkent shahar Xalq ta’limi Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Sattorov, Bektemir tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati, tumandagi 9 ta umumta’lim maktabi, IDUMlar hamda Barkamol avlod maktabi direktorlari ishtirok etdi.
Geologiya fanlari universiteti prorektori D.Djumaboyev universitet 2020 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek tumani Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi maktablar bilan shu kunga qadar hamkorlik doirasida ancha tajribaga erishilganligini ta’kidlab, kelgusida Bektemir tumanida joylashgan umumta’lim maktablari bilan ham hamkorlik o‘z natijalarini berishiga ishonch bildirdi.
Yig‘ilishda Oliy ta’lim muassasasi bilan umumta’lim maktablari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlashda bajariladigan ishlar xususida kelishib, har bir umumta’lim maktablari bilan universitet tomonidan biriktirilgan mas’ullar o‘rtasida yillik ish rejasi tuzildi.
O‘zA