Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geologiya fanlari universiteti: tizimli yondashuvlar mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirmoqda
17:33 / 2025-06-23

Geologiya fanlari universiteti tizimida yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish va sohada ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini izchil yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli faoliyat olib borilmoqda.

Bu haqda Geologiya fanlari universiteti rektori A’zam Qodirxo‘jayev quyidagilarni ma’lum qildi: 

– Ta’lim, ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilgan holda malakali kadrlar tayyorlash va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish universitetimiz faoliyatining asosiy tamoyili. 

Universitet 2020 yilda davlatimiz rahbarining qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2 ming nafarga yaqin talabaga ta’lim va amaliyot olish imkonini yaratib beruvchi zamonaviy klaster hisoblanadi. Uning tuzilmasi akademik ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliy ishlanmalarni kompleks yondashuvda tashkil etishga mo‘ljallangan. Ta’lim jarayonida 30 foiz nazariy, 70 foiz amaliy mashg‘ulotlarga asoslangan tizim joriy etilgan. Bu esa konchilik sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim omildir. 

Universitet tizimida ta’lim va ilm-fan faoliyatini yo‘lga qo‘yishda avvalo, qonunchilik bazasiga ahamiyat qaratildi. Bunda biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishladik. U xalqaro standartlarga moslik, investitsiya muhiti va atrof-muhit muhofazasini qamrab olgan. Hozirda 10 dan ortiq investitsion kompaniyalar bilan hamkorlikda 30 ga yaqin samarali ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Universitet tarkibida 4 ta ilmiy tadqiqot instituti, Geologiya muzeyi, Kadrlar malakasini oshirish instituti, Italiyaning Pisa universiteti filiali va Kitob geoparki faoliyat yuritmoqda. 

Mineral resurslar institutida 324 nafar ilmiy xodim ishtirokida yangi konlar va maydonlarni bashoratlash, raqamli xaritalash ishlari amalga oshiriladi. Geologiya va geofizika institutida 89 nafar ilmiy xodim (20 nafar ilmiy darajali), Gidrogeologiya institutida 184 nafar (27 nafar ilmiy darajali), Neft va gaz geologiyasi institutida esa 220 nafar ilmiy xodim (21 nafar ilmiy darajali) ishlab kelmoqda. Talabalar dars olayotgan muhitda 70 foizgacha ilmiy salohiyat jamlangan. Bu esa akademik va amaliy bilimni chuqur singdirish imkonini yaratadi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoda oltin, kumush, mis, uran, volfram kabi mineral boyliklari bo‘yicha yetakchilik qiladi. Biroq hududlarning atigi 40 foizi to‘liq o‘rganilgan. Bu esa yangi konlar ochish va resurslarni aniqlash imkoniyatini ochadi. Bu yo‘lda sifatli ta’lim va mutaxassislar muhim o‘rin tutadi. 

Xalqaro miqyosda tobora ahamiyat kasb etayotgan kritik minerallar muhim hisoblanadi. O‘zbekiston ham Markaziy Osiyo davlatlari qatorida ushbu resurslarni qazib olish, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishda ishtirok etmoqda. Bu rivojlanishning yangi bosqichi, ya’ni qayta ishlash va mahsulot yetishtirish jarayonlarini jadallashtirishni taqozo etmoqda. 

Universitet ushbu maqsadlar uchun ilmiy salohiyatni safarbar etib, Prezidentning 2025 yil 28 martdagi qaroriga asosan tashkil etilgan Texnologik metallar kombinati bilan hamkorlikda 50 million dollardan ortiq qiymatdagi 17 ta ilmiy-tadqiqot loyihalarini boshladi. Bu loyihalar yangi geologik ob’ektlarni asoslash va resurslarni baholashda, keyingi ishlab chiqarish bosqichlari uchun barqaror xomashyo bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu borada Xitoy, Koreya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlar bilan ilmiy-innovatsion markazlar doirasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda. 10 dan ortiq yangi qo‘shma loyiha va dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Universitet ta’lim dasturlariga 2 ta mavjud geologiya va iqtisodiyot yo‘nalishlariga qo‘shimcha tarzda 3 ta yangi atrof-muhit, loyiha boshqaruvi va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlar qo‘shildi. Ta’lim jarayoni xalqaro TOP-300 universitetlar bilan uyg‘unlashtirilib, kritik minerallar, aero-geofizika, 3D modellashtirish, kosmogeologiya va masofaviy zondlash kabi fanlar asosida boyitilmoqda. 

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida sohada nufuzli Frayberg konchilik akademiyasi, Xitoy geologiya universiteti, Moskva davlat universiteti bilan hamkorlikda bakalavrda 2+2, magistraturada 1+1 qo‘shma dasturlari va maxsus yozgi/qishki o‘quv kurslari doirasida ta’lim sifati oshirilmoqda. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, Xitoyning Uxan universiteti bilan hamkorlikda ilg‘or muhandislar maktabi tashkil etilib, Xitoyda kritik minerallar bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. 

Ishonchimiz komilki, bu kabi tizimli yondashuvlar nafaqat zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, balki ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. 

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.