Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Geografiya o‘qituvchimizning o‘gitlari – ekomuammolar bilan yuzma-yuz
12:16 / 2024-12-27

Maktabdagi geografiya fani o‘qituvchimiz Itolmas Narzullayevni ko‘p eslayman. Ayniqsa, keyingi yillarda ekologiya bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bo‘y ko‘rsata boshlaganidan beri ularning har bir aytgan gaplari, tabiatni asrash, ko‘chat ekish, atrofni yashillikka aylantirish, suvni isrof qilmaslik borasidagi o‘gitlari qulog‘im ostida jaranglayveradi...

“Dunyoda chuchuk suv zaxirasi kamayib bormoqda. Suvni tejab ishlatish kerak. Iqlim o‘zgarishi oqibatida tog‘lardagi qorlar, katta muzliklar erib ketyapti...

Orolga suv yetib bormagani oqibatida dengiz quriyapti. Bir paytlar Orolning tubi bo‘lgan juda katta maydonlar taqir holga kelib, u yerdan tuz va qumlar ko‘tarilib, shamol bilan yuzlab kilometr hududlarga boryapti. Natijada yerlarimiz, tuprog‘imiz sho‘rxok holga kelyapti, ekin bitmayapti. Eng yomoni, atmosfera buzilib, nafas yo‘llari va boshqa kasalliklar ko‘paymoqda...

Cho‘llarimizdagi saksovul va yantoqlar tomiri bilan qumni mahkam ushlab turadi, shamolda qum ko‘tarilmaydi. Afsuski, ayrim noinsoflar, tabiat kushandalari saksovullarni tag-tugi bilan kesib ketadi. Bir paytlardagi baland-baland, qalin poyali saksovullar qolmayapti...

Har biring uylaring atrofidagi bo‘sh yerlarga 10 tadan ko‘chat o‘tqazsang ham, ehhe, tabiatga ancha foydalaring tegadi. Bitta terak novdachasini kuzda yerga qadab qo‘ysang ham bahorda unib ketadi. Mening uyimning atrofida bo‘sh yer ko‘rmaysizlar, hamma joyni daraxtzorga aylantirganman, nega sizlar qilmasligingiz kerak, qiyin ish emas. Bitta daraxt qanchadan-qancha zaharni o‘ziga yutib, kislorod chiqaradi. Daraxt ko‘p bo‘lgan joyda o‘tirsang, nafas olishing boshqacha bo‘ladi, to‘yinib nafas olasan...”

Ustozimizning 20-25 yil oldin jonkuydirib aytgan bu gaplarini o‘sha paytda ham ich-ichimdan his qilib eshitardim, bugun esa yanada chuqur anglayapman. Ustozning kuyunchaklik bilan aytgan muammolarni bugun ko‘z o‘ngimizda ko‘rayapmiz, ekologiya buzilishining zararli ta’siridan ozor chekayapmiz, afsus.

Insoniyatning ko‘p yillar davomida tabiatga yetkazgan ozori bugun o‘ziga ming chandon bo‘lib qaytmoqda. Butun koinot, suv, havo, tuproq, hayvonot va o‘simlik dunyosi o‘z muvozanatini yo‘qotmoqda. Yer yuzida yashillik keskin kamayib, cho‘llanish ortib bormoqda, tuproq sho‘rlanib, uning unumdorligi pasayib ketayapti.

Bir niholni yerga qadab, uni undirib, voyaga yetkazish qiyinlashib bormoqda. Chunki yer unumdorligi juda past, iqlim yomon. Bor dov-daraxtni esa kesib tashlash va ildizini quritish bilan ovoramiz. Biz insoniyat keskin ekologik muammolarga ro‘baro‘ kelsakda, tabiatga zarar berishdan to‘xtamayapmiz. Duch kelgan joyga chiqindilarni uloqtirib ketishdan, suvni bemalol oqizib qo‘yib isrof qilishdan, gaz va elektr energiyasini tejamaslikdan uyalmayapmiz. Turli chiqitlarni, issiqxonalarda mumkin bo‘lmagan narsalarni yoqish va tutatish bilan atrof-muhitni, havoni bulg‘ashdan o‘zimizni tiya olmayapmiz.

Ekologiyani buzayotgan, muammolarni “yaratayotgan” o‘zimiz. Ammo yana noliyveramiz: toza havo qolmadi, avvalgiday dov-daraxt, yashillik yo‘q, ekin eksak, unmayapti yoki kasallanib, hosil bermayapti, suv yo‘q, boriyam sho‘r, avval eshitmagan kasalliklar paydo bo‘lib qolyapti, kasalliklar yosharib ketyapti, allergiya ko‘payib ketdi va hokazo.

Afsuski, zanjir kabi bir-biriga ulanib, o‘zaro bog‘lanib kelayotgan bu muammolar hammasi bir bo‘lib, insoniyatga, butun borliqqa rahna solmoqda. Bu muammolar zanjirining boshi esa insoniyatning o‘zi! Shunday ekan, farzandlarimizda oiladan boshlab ekologik madaniyatni shakllantirishimiz lozim. Masalan, jo‘mrakning suvini kamroq ochib, suvni tejab ishlatishni, chiqindini belgilangan chiqindixona va urnaga tashlashni, o‘simlik va hayvonlarni sevishni, daraxtlarni sindirmaslikni bolaligidan o‘rgatish kattalarning vazifasidir.Ekologik muammolarni yumshatish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Kelayotgan 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari yil nomini e’lon qilar ekan, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘’tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash – insonni asrash demakdir”, degan edi.

Darhaqiqat, ona zamin, ona tabiatni o‘z onamizday sevishimiz, asrashimiz, unga ozor yetkazmasligimiz lozim. O‘zimiz yuzaga keltirgan cheksiz muammolardan o‘zimiz aziyat chekayotganimizni anglagan holda atrof muhitga mehr berishga, yashillikni ko‘paytirishga odatlanishimiz, farzandlarimizning ekologik madaniyatini oshirishimiz zarur.

Muhtarama Komilova, O‘zA