Toshkentda Belgiya, Turkiya va Fransiya ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intelektual mulk agentligi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mutaxassislari ishtirokida «Geografik ko‘rsatkichlardan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajriba» mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir FAOning 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan «Barqaror geografik ko‘rsatkichlarni boshqarish va qo‘llab-quvvatlashning ma’muriy tizimini mustahkamlash» mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.
Loyiha davomida Intellektual mulk agentligi FAO mutaxassislari bilan birga Turkiya va Fransiya tajribasi asosida «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqmoqda.
Geografik ko‘rsatkich – bu geografik kelib chiqishi mavjud yoki muayyan joyga xos xususiyatlarga ega tovarlar bo‘yicha ishlatiladigan belgi. Ya’ni, geografik ko‘rsatkichlar tovarlarning kelib chiqish joyi nomidan iborat.
Masalan, bu xususiyatlari ishlab chiqarilgan joy, iqlim va tuproq kabi jo‘g‘rofiy omillar bilan belgilanadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridir. Belgining geografik ko‘rsatkich vazifasini bajarishi milliy qonunchilik va iste’molchilik idroki bilan belgilanadi.
Geografik ko‘rsatkichlar turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan birga ishlatilishi mumkin. Misol uchun, «Rokfor» faqat Fransiyaning ma’lum hududida ishlab chiqarilgan pishloqni anglatadi.
– Ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish geografik ko‘rsatkichlar bilan himoyalangan va iste’molchilarga yaxshi ma’lum bo‘lgan mamlakatlarga, masalan, Yevropa Ittifoqiga eksportni oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bu iste’molchilarning geografik ko‘rsatkichlardan foydalanganda adashishlariga yo‘l qo‘ymaydi, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha koordinatori Sherzod Umarov.
Vebinar davomida mavzuga doir taqdimotlar namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, FAO bir qator mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va geografik ko‘rsatkichlar yordamida oziq-ovqat eksportini oshirishda katta tajribaga ega. O‘zbekistonda mazkur loyihaning amalga oshirilishi huquqiy asosni takomillashtirib, ishlab chiqaruvchilarni ham, iste’molchilarni ham geografik ko‘rsatkichlar haqida xabardor qilish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.