To‘g‘risi, bir o‘qishda “geografik ko‘rsatkich” atamasini tushunish biroz mushkul. Keling, avval mana shundan boshlaymiz.
Oddiyroq aytganda, bir mahsulot yoki voqelik e’tirof etilganda o‘sha mahsulot yetishtirilgan yoki ishlab chiqarilgan hududni o‘ylaymiz. Masalan, kulolchilik deganda Rishton hunarmandlari, uzum deganda oltiariqlik mirishkorlarni tasavvur qilamiz. Mana shu holatni “geografik ko‘rsatkich”ga qiyoslash mumkin. Ya’ni, ma’lum bir geografik hududda paydo bo‘lgan va ularning kelib chiqish joyi bilan bog‘liq xususiyatlarga yoki obro‘ga ega bo‘lgan tovarlarda paydo bo‘ladigan belgi. Belgilanish faqat ma’lum bir hududga nisbatan mahsulotning kelib chiqishini ko‘rsatsagina geografik ko‘rsatkich sifatida xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda nomoddiy boyliklarga nisbatan huquqiy munosabatlarning rivojlanishi juda tez sur’atlarda namoyon bo‘lmoqda.
Intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 3 martdagi “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonunida ham o‘z ifodasini topdi.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi ko‘magi bilan O‘zbekiston Respublikasida birinchilardan bo‘lib, Marg‘ilon atlasi va adrasi, Qo‘qon pichoqlari geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu amaliyot mamlakatimizda ilk bor qo‘llanilmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi. Rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi Marg‘ilon va Qo‘qon uchun, qolaversa, shu hududdagi tadbirkorlar uchun nima beradi? Uning qanday ahamiyati bor?

– Tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 3 martdagi “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirilyapti, – deydi Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Umidjon Nazirov. – Marg‘ilon atlas, adras va Qo‘qon pichoqlari mahalliy bozorda, chet elga eksport qilishda mahsulotlarning sifatini, sotuv barqarorligini ta’minlaydi. Ro‘yxatdan o‘tgan nomlardan ruxsatsiz foydalanayotgan yoki qalbaki mahsulotlar ishlab chiqarganlarga qarshi choralar ko‘rish imkonini beradi. Umuman olganda, ro‘yxatdan o‘tganlik raqobatda va ishlab chiqarishda ustunlik beradi. Kengroq eksport imkoniyatlari, brendni mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Agar ushbu mahsulotlar ro‘yxatdan o‘tmasa davlat himoyasida bo‘lmaydi va uning qalbaki nusxalariga qarshi kurashilmaydi.
M.Sulaymonov, O‘zA