Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli organ hisoblanadi.
Ushbu agentlik yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham ko‘rib chiqadi.
O‘tgan yili bu borada samarali ishlar amalga oshirildi. Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi boshqarma boshlig‘i Feruz Sultonov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Agentlik tashkil etilgan paytdan boshlab shu kunga qadar yer, kadastr va geodeziya sohasida yangicha formatda samarali ishlar olib borilmoqda, – deydi Kadastr agentligi boshqarma boshlig‘i Feruz Sultonov. – Xususan, sohani raqamlashtirish borasida «Data-sentr»ishga tushirilgan, o‘zaro integratsiya qilinmagan «Davreyestr», «Ko‘chmas mulk», «Ko‘chmas mulk-3» axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda «Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi» yaratildi.
“ArcGIS” dasturida onlayn geoportal ishga tushirildi. “E-YER NAZORAT” AAT to‘liq ishga tushirilib, Bosh prokuraturaning “E-Material” axborot tizimi va IIVning “E-maʼmuriy ish” axborot tizimi bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Shuni ham aytish joiz, “YERELEKTRON” AATning yangi versiyasi ishga tushirilib, «Ye-Qaror» AT, «Order» AT hamda Yagona identifikatsiya tizimi bilan o‘zaro ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. «GEODEZNAZORAT» AT orqali geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning natijalarini ekspertizadan o‘tkazish va ularning elektron reyestrini yuritish joriy qilindi.
«Litsenziya» AT orqali geodeziya va kartografiya ishlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarorni onlayn olish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, yer maydonlarini hisobga olishda ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. bugungi kunda, UzKAD tizimi orqali respublikamizning umumiy 44,9 million gektar yer maydonidan 41,2 million gektari yoki 92 foizining elektron xaritasi yaratilgan. Mamlakatimizdagi 39,3 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Shuni ham aytish joiz, bino va inshootlarni hisobga olish bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy yilning 1 yanvar holatiga kadastr bazasida hisobga olingan ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 8,2 milliondan oshdi. Ushbu ma’lumotlar soliq organlariga onlayn taqdim etib borilmoqda. Yurtimizda o‘tgan 2022 yilning o‘zida 251,2 mingta yangi ob’ekt, 24,9 mingta mavjud ko‘chmas mulk ob’ektlarida qo‘shimcha qurilmalar aniqlanib, byudjetga 329,1 milliard so‘m qo‘shimcha soliq undirildi.
Geodeziya va kartografiya yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarga nazar solsak, 5 084 ta geodeziya punktlari tekshirilgan.
Yer, kadastr va geodeziya nazorati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga keladigan bo‘lsak, amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati natijasida 18 597 ta holatda 6 307,4 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlandi. Shundan, 9 ming 927 ta (4 957,8 gektar, 53,4 foiz) qonunbuzarlik holatlari berilgan yozma ko‘rsatmalar natijasida ixtiyoriy bartaraf etildi. 8 ming 138 ta (1 185,5 gektar) holatda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni buzdirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi.
Berilgan yangi vakolatlardan samarali foydalangan holda 37 ming 697 ta yer va kadastrga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Geodeziya va kartografiya faoliyatiga oid 222,4 milliard so‘mlik ishlar ekspertizadan o‘tkazildi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun kadastr idoralari tomonidan 90 001 5 741,1 gektar yer uchastkasi “Yerelektron” tizimiga kiritildi.
O‘tgan yili dehqon xo‘jaligi uchun fermer xo‘jaliklarining past hosilli 100 ming gektar yerlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish va tanlovga chiqarish belgilangan.
Topshiriqqa asosan, fermer xo‘jaliklarining 117 ming 615 gektar yerlari hokimliklarning tegishli qarorlariga asosan zaxiraga qaytarildi. Kadastr idoralari tomonidan 1 332,3 ming gektar (276 413 gektar suvli) zaxira yerlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yilda o‘z oldimizga qo‘ygan asosiy vazifa – qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 1 600 mingta ko‘chmas mulkni joyiga chiqqan holda har bir ko‘chmas mulk ob’ektini identifikatsiyalab, UZKAD tizimiga o‘tkazishdir. Huquqiy hujjati mavjud bo‘lmagan 2,6 milliondan ortiq turar joy ob’ektlari birma-bir xatlovdan o‘tkazib, ularning aniq elektron ro‘yxati shakllantirishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA