Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, sohani zamon talablari darajasida rivojlantirish, xorijiy tillarni o‘qitishni sifat jihatidan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, har bir soha va yo‘nalishda muhim o‘rin tutuvchi chet tillarini puxta o‘qitishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ma’lumki, bu borada 2021 yil 6 may kuni Prezidentimiz raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator maqsad-vazifalar belgilab berilgan edi. bugungi kunda ushbu vazifalardan kelib chiqib muayyan ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, mazkur videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mamlakatimizning Bryusseldagi elchixonasi tomonidan Belgiyaning Gent universiteti Til markazi mas’ullari bilan videoanjuman shaklida muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimligi vakillari ham qatnashdi.
Uchrashuvda Gent universiteti Til markazi direktori, professor Stef Stembruk markaz faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, markazning asosiy vazifasi – keng jamoatchilik va universitet talabalari hamda o‘qituvchilariga chet tillarni o‘rgatish bilan bog‘liq xizmatlarni taqdim etishdan iborat. Shuningdek, markazda muayyan soha vakillarining til tayyorgarligini takomillashtirish maqsadida maxsus kurslar ham tashkil etiladi. Bunga, jumladan, tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan ingliz tili kurslari yoki yuristlar va doktorlar uchun mo‘ljallangan fransuz tili o‘quv kurslari misol bo‘lishi mumkin.
Markaz vakillari o‘zbekistonlik mutaxassislar, shu jumladan, til o‘qituvchilarining til sohasidagi malakasini oshirish yo‘nalishida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Xususan, markazda turizm sohasidagi kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining fransuz yoki ingliz tili bo‘yicha malakasini oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Markaz Gent universitetining tegishli fakultetlari mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘zaro o‘qituvchilar almashish, belgiyalik o‘qituvchilarni O‘zbekistonga yuborish, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Belgiyaga taklif qilish yoki ko‘ngillilarni O‘zbekistonga yuborish masalalarini ham batafsil muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
Videoanjumanda O‘zbekiston xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimlari vakillari o‘z takliflarini ilgari surdi. Xususan, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi vakillari Gent universiteti til markazi bilan hamkorlikda viloyatning ingliz va fransuz tillariga ixtisoslashgan maktablari o‘qituvchilari uchun onlayn darslarni yo‘lga qo‘yish, uslubiy qo‘llanmalarni yaratishda ko‘maklashish va belgiyalik mutaxassislarni maktablarda dars berish uchun O‘zbekistonga yuborish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Tadbirda shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti vakillarining taqdimotlari o‘tkazildi. Belgiya vakillariga mazkur oliy ta’lim muassasalarining faoliyati, kadrlar salohiyati, o‘qitish uslublari va xalqaro hamkorligi borasida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, Gent universiteti Til markazi bilan hamkorlik o‘rnatish, jumladan, o‘qituvchilar malakasini oshirish, belgiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qilish, qo‘shma tadqiqot va ta’lim dasturlarini amalga oshirish va boshqa yo‘nalishlardagi takliflar bildirildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuv va muloqotlar milliy ta’lim tizimini xalqaro darajaga ko‘tarish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida sohaga yangi, zamonaviy tajriba va ko‘nikmalarni tatbiq etish, chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa har bir sohada hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p tilli yetuk mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA