English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olishning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida
09:42 / 2020-12-11

So‘ngi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikada sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda halq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil organga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek sodir etilgan jinoyatlarni “izi sovimasdan” fosh etishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilishni talab etmoqda. 

Ilmiy taraqqiyot va axborot texnologiyalarining rivojlanishi jamiyat oldiga davlat, jamiyat va fuqarolarning xavfsizligini, ular o‘rtasidagi o‘zaro huquq va majburiyatlar muvozanatini saqlash kabi muayyan vazifalarni qo‘yadi.

Inson genomiga oid izlanishlarni amalga oshirish tadqiqotning nisbatan yangi turi deb hisoblanishiga qaramay, dunyodagi rivojlangan davlatlarning aksariyati insonning genomik ma’lumotlarini taqqoslash orqali aniqlash usulining ilg‘orligini tan olgan.

Shaxsiy identifikatsiya qilish ularning o‘ziga xos fiziologik yoki xulq-atvor xususiyatlarini hisobga oladigan eng istiqbolli va ko‘p qirrali ilmiy asoslangan usullardan foydalanishni o‘z ichiga oladi. bugungi kunda odamni aniqlash usuli bu insonning DNK rasmini uning biologik materiali bilan taqqoslashdir.

DNK (dezoksiribonuklein kislotasi) – genetik kod shaklida biologik ma’lumotni o‘z ichiga olgan makromolekuladir. U barcha tirik organizmlarda rivojlanish va yashash genetik dasturni amalga oshirish uchun genni saqlash va avloddan avlodga uzatishni ta’minlaydi.

Shaxsni aniqlash maqsadida inson DNKsini tahlil qilish usuli ko‘plab xorijiy mamlakatlarning sud-tibbiyot amaliyotida qo‘llanib kelinadi. Jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Tailand, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Chili, Kolumbiya, Kanada kabi qator xorijiy mamlakatlarda inson DNKsining global ma’lumotlar bazasi yaratilgan.

Dunyodagi eng katta DNK ma’lumotlar bazasi Buyuk Britaniyaning «NDNAD» milliy ma’lumotlar bazasi hisoblanib, unda 2015 yilgacha 5,7 million DNK namunalari bo‘lgan mazkur bazada nafaqat mahkumlarning, balki gumonlanuvchilarning ham DNK ma’lumotlari saqlanadi. Hafta davomida voqea joyidan olingan genetik materiallarning tahlili asosida sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi fosh etiladi. Ekspertizaning ushbu turi jinoyatlarni fosh etishni sezilarli darajada oshishiga imkon yaratadi.

1998 yilda AQSH Milliy genetik ma’lumotlar bazasi yaratildi. Unda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan shaxslar ro‘yxatga olinishi belgilandi. 2020 yil sentyabr oyi holatiga ko‘ra National DNA Index System (NDIS) tarkibida 14 milliondan ortiq jinoyatchilar, 
4 milliondan ortiq mahkumlar va milliondan ortiq boshqa sud-tibbiy ma’lumotlar bazalari mavjud. 1994 yilda “DNK identifikatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, unda Federal tergov byurosi sudlanganlarning milliy DNK ma’lumotlar bazasini, shuningdek, bedarak yo‘qolganlar uchun alohida ma’lumotlar bazasini va jinoyat joylaridan yig‘ilgan sud-tibbiyot namunalarini yaratishi belgilangan.

Islandiyaning ma’lumotlar bazasida butun aholining genotiplari mavjud. 

2008 yil 3 dekabrda Rossiya Federatsiyasi «Rossiya Federatsiyasida davlat genomik ro‘yxatga olish to‘g‘risida» Federal qonuni qabul qilinib, ushbu qonunga binoan og‘ir va o‘ta og‘ir, shuningdek jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar va shaxsi noma’lum murdalar va jinoyat sodir etilgan joylardan olingan biologik izlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan federal DNK ma’lumotlar bazasi yaratildi. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasini boshqarish uchun mas’ul organ hisoblanadi.

Genomik ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va ulardan foydalanish, albatta, qonun darajasida tartibga solinishi kerak. Qator xorijiy mamlakatlarda (Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Kanada, Koreya, Malayziya, Singapur, Shveysariya, AQSH, Buyuk Britaniya) maxsus qonunlar qabul qilingan. 

DNK ekspertizasi mamlakatimiz uchun mutlaqo yangi tushuncha emas. O‘zbekiston Respublikasining Sud-tibbiy ekspertiza markazida isonning DNK tekshiruvlari 2000 yildan beri o‘tkazilib kelinmoqda. Olingan ekspertiza natijalaridan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilishda foydalanilmoqda. Insonning DNKsi bo‘yicha sud-biologik ekspertiza molekulyar genetik usullardan foydalangan holda inson biologik ob’ektlarida tadqiqotlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. DNK ni tahlil qilish usuli jinoyat sodir etilganlik holatini tekshirishda ajralmas vosita bo‘lib, u jinoyatchilarni ham, jinoyatlar qurbonlarini ham ishonchli aniqlashga imkon beradi. Ko‘pgina hollarda, DNK tahlil usullari jinoyat sodir etishda jabrlanuvchini yoki jinoyatchini aniqlaydigan yagona mumkin bo‘lgan usul hisoblanadi.

Odatda DNK tahlili shaxsni aniqlashning eng aniq usuli hisoblanadi. Tadqiqot o‘tkazish uchun oz miqdordagi biologik materiallar yetarlicha (inson qon tomchisining mingdan bir qismi ­ 40 ta hujayra) hisoblanadi . Zamonaviy texnika yutuqlari tadqiqot uchun namunalarni hatto odamning qo‘lida ushlab turgan narsadan ham olish imkonini beradi. Natijada tergov organlari nafaqat jinoyat joyida topilgan izlarni genomik ma’lumotlar bazasidagi izlar bilan taqqoslashlari, balki jinoyat sodir etgan shaxsni aniqlashlari ham mumkin bo‘ladi. 

 

Qonun ustuvorligi sharoitida ijtimoiy munosabatlarning ushbu sohasini takomillashtirishda, qonunchilikni tartibga solishni ham talab etadi. Biroq, bugungi kungacha genom axborotini olish, yig‘ish, saqlash, yo‘q qilish, ulardan foydalanish uchun qonunchilik bazasi va mexanizmi mavjud bo‘lmagan. Mazkur Qonun esa bunga imkoniyat yaratdi.  

Ta’kidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va albatta, jazo muqarrar ekanligini ta’minlash talab etilmoqda. O‘z o‘rnida, jinoyatchilar ham hodisa joyida jinoyat izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanishmoqda. Fosh etilmagan jinoyat esa o‘z navbatida jinoyatchiga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusida yana jinoiy faoliyatga qo‘l urishiga imkon bermoqda. Buning oqibatida esa jamiyatda jinoiy faoliyatga ko‘nikkan shaxslar jinoyat izlarini yashirishga urinmoqdalar va buning uddasidan ham chiqmoqdalar. Demak, shu o‘rinda ushbu sohaga ham albatta, zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish vaqti keldi.

2020 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi va ushbu qonun 2023 yil 1 yanvardan kuchga kiritilishi belgilab qo‘yildi. Mazkur Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 58-bandini bajarish maqsadida ishlab chiqildi. Ushbu Qonunning qabul qilinishi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish, ushbu sohada zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish zarurati bilan bog‘liq.

Zamonaviy rivojlanishning hozirgi bosqichida jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda, ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyda qoladigan izlarni minimallashtirishdan iborat bo‘lib, bu esa sodir etilgan jinoyatni ochish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Genom axborot ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga jinoyatchining qilmishi uchun jazo muqarrarligini ta’minlab beradi. 

Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, biron bir shaxs jinoyatni amalga oshirish uchun qanchalik puxta reja qilmasin, sodir bo‘lgan voqea joyida o‘zi hohlamagan yoki bilmagan holda biologik materiallarini qoldiradi. Ya’ni voqea joyida qon dog‘i, soch tolasi, so‘lagi, ter dog‘i va hakozolar qoladi.   Bundan tashqari, genom axborotining yagona ma’lumotlar bazasi yaratilishi o‘z navbatida bedarak yo‘qolgan shaxslarni topish va topilgan murdalarning shaxsini aniqlashda ularning yaqin qarindoshlari bilan identifikatsiya qilish imkonini yaratadi.

Bu usul sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni, shuningdek jinsiy erkinlikka qarshi bo‘lgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning genom axboroti ma’lumotlar bazasini yuritish orqali ular tomonidan ushbu turdagi jinoyatlarni takroran sodir etilishining oldi olinadi.  

Ushbu qonunning maqsadi genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, biologik materialni olish, uni hisobga olish, saqlash, ishlatish, yo‘q qilish va genomga oid axborotlarga ishlov berish va uni muhofaza qilish, genomga oid  ma’lumotlarning yagona bazasini yaratishga xizmat qiladi. 

Qonun bilan Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari belgilangan bo‘lib, bular tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sud hisoblanadi; shuningdek, Genomga oid axborotlarni olish faoliyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-ekspertiza muassasalari shug‘ullanadi. Bu borada genomga oid axborotlarning yagona ma’lumotlar bazasini yuritishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi esa Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. 

         Bundan tashqari, qonunga muvofiq Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. 

Quyidagilar genom bo‘yicha majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olinadi:

  • og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi shaxslar, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;
  • og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar (bundan buyon matnda genom bo‘yicha majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olinishi lozim bo‘lgan hukm qilingan shaxslar deb yuritiladi);
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida biologik materiali aniqlanmagan shaxslar;
  • tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari)

Ixtiyoriy – Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish O‘zbekiston Respublikasi, chet el va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizalariga ko‘ra pullik asosda amalga oshiriladi. Shuni ta’kidlash joizki, shaxs genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olishning istalgan bosqichida rad etish huquqiga ega bo‘ladi. Ya’ni, birinchi bosqich, biologik materialni olish amalga oshirilayotganda; ikkinchi bosqich, biologik materialdan genomga oid axborot olinayotganda; uchinchi bosqich, genomga oid axborotning yagona ma’lumotlar bazasiga kiritilayotganda. 

Shuningdek, genom axboroti ma’lumotlar bazasiga kiritilganidan so‘ng ham, ixtiyoriy ravishda genom bo‘icha davlat ro‘yxatidan o‘tgan fuqaroning genom axboroti o‘z arizasiga ko‘ra ma’lumotlar bazasidan chiqarilishi mumkin. 

Bundan tashqari, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin. Bu holatlar deyarli barcha davlatlarda pullik xizmat sifatida amalga oshiriladi. 

Shuningdek, genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olingan axborotdan faqatgina 4 ta maqsadda foydalaniladi:

  • jinoyatlarning oldini olish, fosh etish va uni sodir etganlarning shaxsini aniqlash;
  • bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish;
  • noma’lum murdalarning shaxsini aniqlash;
  • shaxsning biologik qarindoshligini aniqlash.

Bu esa xalqaro xuquq normalariga to‘la javob beradigan qonuniylik, insonparvarlik, maxfiylik prinsiplariga amal qilinishini ta’minlaydi. Ya’ni genomga oid axborotga ishlov berish shart-sharoitlari buzulganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lganda, vakolatli davlat organi blokirovka qilishi hamda genomga oid axborotning himoyalanganlik darajasini oshirish maqsadida egasizlantirishni amalga oshirish belgilab qo‘yildi

Genomik ma’lumot inson haqida juda nozik va muhim ma’lumotlarni o‘zida aks ettirganligi sababli uning xavfsizligi va maxfiyligi qat’iy va qonuniy kafolatlanadi. Qonun bilan biologik material va genomga oid axborotni saqlash va yo‘q qilib tashlashning tartiblari belgilandi:

- bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlaridan olingan hamda tanib olinmagan murdalarning biologik materiallaridan olingan genomga oid axborotlar yagona ma’lumotlar bazasiga kiritilgan kundan e’tiboran yetmish besh yil saqlanadi;

- ixtiyoriy ravishda shaxsning yozma arizasiga ko‘ra pullik asosda genomga oid axborotlari olinganda esa ariza beruvchining yozma arizasida ko‘rsatilgan muddat mobaynida saqlanadi;

- majburriy ravishda genomga oid axborot olingan shaxslarning axboroti ular yuz yoshga to‘lishi mumkin bo‘lgan sanaga qadar yoki biologik o‘lim yuz berganligi fakti qayd etilganidan yohud shaxs sud tomonidan vafot etgan deb topilganidan keyinga qadar saqlanadi;

- shaxsi aniqlanmagan shaxslarning tergovga qadar tekshiruv, surushtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida olingan biologik materiallaridan olingan axborot shaxsni jinoyat uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tguniga qadar saqlanadi.

Ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi quyidagi natijalarga erishilishini ta’minlaydi:

- jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi va respublika hududida sodir etilgan jinoyatlarning fosh etilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;

- topilgan murdani ularning yaqin qarindoshlari bilan identifikatsiya qilishda shaxsini aniqlashga, bedarak yo‘qolganlarni topishda ijobiy natijalarga erishishga olib keladi;

- genomik ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda ilgari og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar, shuningdek jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan jinoyatni qayta sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi va sud, tergov organlarining dalillar bazasini mustahkamlaydi.

Demak, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni biometrik ma’lumotlari asosida kriminalistik hisobga olish huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali shakllaridan biri hisoblanadi. Agar, shaxs o‘zining barcha biometrik ma’lumotlari qonuniylik asosida davlat ro‘yxatiga olinganligini his etsa va har qanday jinoiy qilmishi fosh etilishini oldindan anglab yetsa, aksariyat vaziyatlarda jinoyat sodir etishdan tiyiladi. 

Umuman olganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatida qonuniylik asosida shakllantirilgan fuqarolarning biometrik ma’lumotlari bazasidan foydalanish mamlakatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Respublikada genetik ekspertizani rivojlantirish va DNK milliy ma’lumotlar bazasini yaratish, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ulardan foydalanish, jinoyatning har qanday ko‘rinishini sezilarli darajada kamaytirishning va aniqlashning samarali vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari ta’minlanishining zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi.

Farhod BOQIEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator

Dmitriy RAXMANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i