Odatda jinoyatchilar jinoyat sodir etilgan joyda iz qoldirmaslikka urinishadi. Bu esa sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish jarayonini qiyinlashtiradi. Jinoyatlarni fosh etishda genom axboroti ma’lumotlar bazasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, jinoyatchilikka qarshi kurashishga ko‘maklashadi.
Mamlakatimizda 2020 yil “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Uning amaliyotda to‘liq qo‘llanishi uchun huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni amalga oshirish zaruriyati tufayli kuchga kirish muddati 2023 yil 1 yanvar etib belgilangan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur qonunning sohada muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib, qonun ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rgandi. Bugun qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu o‘rganish yakunlari muhokama qilindi. Unda deputatlar, Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

— Qo‘mitamiz tomonidan “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganildi, vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlil qilindi, — dedi qo‘mita raisi Erkin Solihov. — Ichki ishlar vazirligi Ekspertiza-kriminalistika bosh markazi hamda mazkur markazga qarashli Portlash texnik ekspertizalar bo‘limiga tashrif tashkil etildi. Nazorat-tahlil tadbirlari davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Qonun ijrosini ta’minlashda asosiy vazifalardan biri genom bo‘yicha davlat ro‘yxatini amalga oshirishda olingan genomga oid axborot va odamning shaxsi haqidagi ma’lumotlar saqlanadigan avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish hisoblanadi.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish sohasidagi vakolatli davlat organi Ichki ishlar vazirligi sanaladi. Vazirlik tomonidan Genomga oid axborotning yagona ma’lumotlar bazasini yuritish borasida ishlar davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmayotgani sababli yakuniga yetkazilmay qolmoqda. Ushbu vazifalar nazarda tutilgan muddatlarda bajarilmagani sababli qonun ijrosi 10 oyga kechiktirilmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, qo‘mita a’zolari sohaga oid qonunchilik hujjatlarini o‘rganish, statistik ma’lumotlarni tahlil qilish asosida “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi qoniqarsiz ahvolda, degan xulosaga keldi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ushbu qonun ijrosini ta’minlashda nazoratni kuchaytirish, doimiy parlament nazoratini o‘rnatish lozimligi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA