Bugungi globallashuv davrida yosh avlodni tinchlik va barqarorlik g‘oyalari asosida tarbiyalash, ularning qalbiga Vatanga sadoqat va mas’uliyat tuyg‘usini singdirish har qachongidan ham dolzarb.
Shu bois yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ularning intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlatimiz rahbarining e’tibor markazida bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biri.

Shu maqsadda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayevning yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ham ishtirok etdi.

Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markaziga tashrif buyurgan yoshlar orkestr ijrosidagi kuylar sadosi ostida tantanali ravishda kutib olindi.Ular uchun kitoblar yarmarkasi, kursantlarning ratsionalizatorlik ishlanmalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasviriy san’at va rassomchilik ko‘rgazmasi, robototexnika vositalari, shuningdek, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati ko‘rgazmasi va boshqa tematik ekspozitsiyalar namoyish etildi.

Tadbirning rasmiy qismida Milliy gvardiya qo‘mondoni davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, ta’lim, harbiy-vatanparvarlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va Milliy gvardiya tizimidagi loyihalar haqida so‘z yuritdi.

Shu bilan birga, yoshlar ongida tinchlik, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarni mustahkamlash, internetdan oqilona foydalanish, yomon odatlardan yiroq bo‘lib, faqat bilim, mehnat va sadoqat bilan yurtga foyda keltiradigan fidoyi avlod bo‘lib yetishishga chaqirdi.
Ochiq muloqot ostida davom etgan uchrashuv mobaynida yoshlar so‘zga chiqib, yurtboshimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ishonch ularni yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undayotganini faxr bilan ta’kidlashdi va o‘z fikr-mulohazalarini erkin bayon qilish bilan birga, takliflarini ham berib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, Jamoat xavfsizligi universiteti, “Temurbeklar” maktabi, Harbiy musiqa akademik litseyi hamda “Jasorat maktabi”da tahsil olayotgan, namunaviy xulqi va a’lo baholari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 10 nafar yoshlar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirning badiiy qismida Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta ruhiy ko‘tarinkilik uyg‘otdi.
Ushbu “General va yoshlar” ochiq muloqotining asosiy maqsadi yoshlarni Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ulari asosida tarbiyalash, ular qalbi va ongiga Vatan himoyasi muqaddas burch ekanini chuqur singdirishdan iborat bo‘ldi.
N.Rahmonova, O‘zA