So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sanoatning ustuvor sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish siyosatini izchil olib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda jahon avtomobil sanoatida yetakchi o‘rinni egallagan AQSHning “General Motors International” kompaniyasi bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Vashingtonga amaliy tashrif doirasida davlatimiz rahbari 6 noyabr kuni “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi.
Uchrashuvda korporatsiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish, avtomobilsozlik va yangi texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Prezident O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishda “General Motors” kompaniyasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
So‘nggi 5 yil ichida kompaniya tomonidan 1,6 million dona avtomobil ishlab chiqarildi, O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun AQSHdan keyin ikkinchi yirik bozorga hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida sotuvlar bo‘yicha yetakchiga aylandi.
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash ko‘p jihatdan sanoat va texnologik hamkorlik darajasiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasining “General Motors International” korporatsiyasi bilan hamkorligi nafaqat iqtisodiy, balki innovatsiyalarni rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, Toshkent va Vashington o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiluvchi siyosiy va diplomatik omil sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonning “General Motors” bilan hamkorligi o‘n yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, milliy sanoat korxonalari va global avtomobil ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikning eng muvaffaqiyatli namunalaridan hisoblanadi. “UzAuto Motors” qo‘shma korxonasining tashkil etilishi mahalliy avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, ishlab chiqarishning xalqaro standartlarini joriy etish, mahsulot sifatini oshirish va mahalliy avtomobillarning eksport salohiyatini oshirish imkonini berdi.
“GMI” bilan hamkorlik natijasida mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatini modernizatsiya qilish, uni mintaqaviy darajada raqobatbardosh qilish hamda xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilishga erishdi. Bu hamkorlik milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni samarali jalb etish va muvaffaqiyatli sanoat siyosatining yorqin misoli bo‘ldi.
Xususan, tashrif davomida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish, mamlakatimizning Markaziy Osiyo va MDH bozorlaridagi yetakchi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan. Bundan tashqari, strategik sheriklikning hozirgi yuqori darajasi O‘zbekistonga “Chevrolet” avtomobillarini sotish hajmi bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. Bu mahalliy mashinasozlikni qo‘llab-quvvatlash va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil davlat siyosatining samarasidir.
Bugungi kunda asosiy e’tiborni innovatsion rivojlanish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga qaratish lozim. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar jahon avtomobil bozorida tobora kuchayib borayotgan raqobat sharoitida yuqori o‘rinlarni saqlab qolish imkonini beradi.
Bu borada ishlab chiqarish hamkorligini yanada rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shilpan Amin bilan uchrashuvda mamlakatimizdagi komponent bazasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish sanoatni rivojlantirish strategiyasining muhim elementi ekanini ta’kidladi. O‘z navbatida, Shilpan Amin yangi texnologiyalarni joriy etish, samaradorlikni oshirish va yangi avlod modellarini o‘zlashtirish yo‘nalishlarida faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish uchun barcha zarur sharoitlar, jumladan rivojlangan ishlab chiqarish infratuzilmasi, malakali kadrlar, qulay investitsiya muhitiga ega. Shu bois, avtomobilsozlik sohasida ilg‘or yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan qo‘shma tadqiqot va muhandislik markazlarini tashkil etish muhim vazifa hisoblanadi.
Zamonaviy sharoitda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning ekologik xavfsizligi va energiya samaradorligi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kelgusida avtomobillar ishlab chiqarishda aynan shu jihatlarga e’tibor qaratish zarur.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va yangi avlod texnologiyalarini joriy etish davlat siyosatining strategik yo‘nalishi ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bunday loyihalarning amalga oshirilishi avtomobilsozlik sanoatining ekologik barqarorligini oshirish imkonini berishi bilan birga, fan, ta’lim va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratadi. Shu bilan birga, “GMI” bilan hamkorlikning ekologik va texnologik yo‘nalishlari iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli maqsadlariga erishish, sanoatni diversifikatsiya qilish va mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishishning asosiy omillaridan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston ko‘p yillardan buyon “General Motors International” uchun “Chevrolet” brendining global mavqeini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan mintaqadagi asosiy hamkor bo‘lib kelmoqda. Hamkorlikning yangi strategik darajaga ko‘tarilishi o‘zaro manfaatli bo‘lib, innovatsiyalar, texnologik rivojlanish va ilg‘or texnologik hamda ekologik standartlarga javob beradigan zamonaviy sanoat tizimini shakllantirishga yo‘naltirilgan barqaror va uzoq muddatli sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi, xususan “General Motors International” rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda navbatdagi muhim qadam bo‘lib, mamlakatning xalqaro biznes uchun ochiqligini namoyon etdi.
“General Motors International” bilan hamkorlik innovatsiyalarni rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va O‘zbekistonning xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nodira Rashidova,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA