Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda oilaviy va gender zo‘ravonlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biriga aylandi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, ushbu muammo bugungi kunda xalqaro jamoatchilik e’tiboridagi inson huquqi bilan bog‘liq muhim mavzu hisoblanadi. Bunday jinoyatlarning asosiy jabrdiydalari ayollar va bolalar ekani juda achinarli.
Xususan, hukumatimiz tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgarish kiritilishi hamda ayni yo‘nalishda 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi zug‘um qurbonlari muhofazasining huquqiy asosini takomillashtirishga bo‘lgan e’tibordan dalolat.
Ushbu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMT TD)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi ko‘magida BMTTD Ombudsman idorasi, fuqarolik jamiyati tashkiloti vakillari va Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari uchun xalqaro seminar tashkil qilindi. Anjumanda tajribali xorijiy ekpertlar – latviyalik Iluta Lase va Madara Lapsa ham ishtirok etmoqda.
Tadbir Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqini himoya qilishni kuchaytirish” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Joriy o‘quv moduli gender zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishda boy tajribaga ega Marta markazi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Trening Ombudsman idorasi vakillari va sudyalar bilimini oshirishga qaratilgan. Mashg‘ulot davomida tinglovchilar jabrlanganlarga sud tomonidan yanada aniq va samarali xulosa berish ko‘nikmasini o‘zlashtirmoqda.
Davlatimiz ayollar va bolalar huquqi to‘liq himoya qilinadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan jamiyat yaratish istagida ekan, barchamiz birgalikda oilaviy va gender zo‘ravonlikdan xoli kelajak sari intilishimiz lozim bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Jse070HTxsQ" title="Gender zoʻravonlikka qarshi birlashamiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA