Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasiga start berildi
18:17 / 2021-11-25

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi xalqaro maqomdagi mazkur global kampaniya dunyoning 187 ta mamlakatida o‘tkazilib, 6 mingdan ziyod turli tashkilotlar hamda 300 million kishini qamrab olmoqda.

Gender zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarni bilmaydigan global muammo. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchramoqda.

Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, bu hodisa jabrdiydalarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, gender tengsizlikka barham berishga qaratilgan ikkita qonun, oltita normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish va uning salbiy oqibatlariga barham berishga qaratilganini alohida e’tirof etish joiz. Mazkur qaror bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida 29 ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etildi. 

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga qasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va tezkor ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish maqsadida “1146 — Ishonch telefoni” «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platformasi bilan muvofiqlashtirildi.

Mamlakatimizda gender zo‘ravonligining oldini olish va unga qarshi kurashda nodavlat jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi ham 17 yildirki, nafaqat xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslarning tashabbuslarini rag‘batlantirib, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlab, balki, shu bilan birga, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollar muammolarini hal etish, aholining huquqiy bilimlarini oshirish borasida ham ibratli sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

— Gender tengsizligining sabablari, birinchi navbatda, zo‘ravonlik tushunchasini ko‘pchilik yaxshi anglamasligidadir, — deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Dilovar Qobulova. — Ikkinchidan, bu xotin-qizlarning iqtisodiy jihatdan qaram holatdaligi. Uchinchidan, huquqiy bilimlarning yetishmasligi. Shuningdek, xalqimizda xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida an’anaviy stereotiplar hamda tashqi va ichki omillarning ta’siri mavjud. 

Biz birinchi galda oiladagi madaniyatni oshirish uchun harakat qilishimiz kerak. Oilada tarbiyalanayotgan bola o‘zaro teng munosabatlarni va oila a’zolarining bir-biriga bo‘lgan hurmat-izzatini ko‘rib ulg‘ayishi lozim. Bunda er-xotinning bir-birini tinglay olish qobiliyati juda muhim o‘rin tutadi. Ana shundagina bunday munosabatlar jamiyat a’zolari o‘rtasida bir-birini tushunishga hamda ayollar va erkaklarning jamiyat va oiladagi o‘rni to‘g‘risida mavjud stereotiplarni yo‘q qilishga olib keladi.

Markaz tomonidan yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, turli mavzularda seminar-treninglar, konferensiyalar, o‘quv mashg‘ulotlari, ochiq muloqotlar, davra suhbatlari va boshqa anjumanlar tashkil etib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Markaz tashabbusi bilan AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida “Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn maslahat va “Ishonch telefoni” orqali COVID-19 va gender zo‘ravonlikka uchragan zaif qatlamdagi ayollarning manfaatlarini ilgari surish va huquqlarini himoya qilish” nomli loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Loyiha doirasida zo‘ravonlikka uchragan ko‘plab xotin-qizlarga huquqiy va ruhiy yordam xizmatlari taqdim etilmoqda.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA