Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan alohida etiborlari natijasida so‘nggi yillarda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlash, qadr-qimmatlarini yuqori ko‘tarish Yangi O‘zbekistonning davlat siyosatida yetakchi o‘ringa qo‘yilmoqda.
Shuningdek, 2025 yil 29 sentyabr kuni o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ham mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlashni maqsad qilganmiz deb ta’kidlab o‘tgan edilar. Jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik xotin-qizlar oila, jamiyat va davlat boshqaruvida o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishmoqda.

– Yurtimizda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova. – Jamiyatimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda jadal olib borilayotgan ishlar natijasida saylovlarda mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar orasida xotin-qizlarning ulushi 2019 yilda 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilda 36,3 foizga etdi. Shuningdek, 2 nafar xotin-qiz Oliy Majlis Senati a’zosi, 4 nafari Qonunchilik palatasi, 21 nafari Jo‘qorg‘i Kenges, 136 nafari shahar va tuman Kengashlarining deputatlari hisoblanishadi.
Ta’kidlash joizki bugungi kunda respublikada xotin-qizlar ulushi sog‘liqni saqlash sohasida 87, ta’lim sohasida 67, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 23 foizni tashkil etmoqda. Ularning huquqlarini himoya qilishda ayol sudyalarning roli muhim yo‘nalish bo‘lib, bugungi kunda ular ulushi 38 foizni tashkil qilmoqda.

2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda rahbar ayollar ulushi 37,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida 2024 yilga kelib sohadagi rahbar ayollar ulushi 40,9 foizga etdi, ya’niy, 3,6 foiz o‘sishga erishildi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushini orttirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, 11 nafar faol xotin-qiz Davlat boshqaruv akademiyasida va Biznes oliy maktabida malakalarini oshirib kelishdi.
O‘zbekiston Resspublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni asosida Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun berilgan 10 ming qo‘shimcha kvota asosida Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabalarning 2023 yilda 67 foizini qizlar tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bo‘lsa bu ko‘rsatkich 77,7foizni tashkil etdi. Jami talabalar orasida esa qizlar ulushi 55,2 foizni hamda ta’limning magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi esa 75,5 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, 35 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan bo‘lsa, 99 nafar xotin-qiz “Mo‘’tabar ayol”, 144 nafar faol xotin-qiz “Ibratli ayol” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

“Yil ayoli-2021” tanlovida Kegeyli tumanidan fermer Palzada Saliyeva Gran-pri sohibi bo‘lib, Prezidentning sovg‘asi “Jentra” avtomobili, “Yil ayoli-2024” tanlovida esa Nukus oliy sport mahorati maktabining murabbiy o‘qituvchisi Nigora Palvanova Gran-pri egasi bo‘ldi va Prezident sovg‘asi “Onix” avtomobili bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan faol ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qoraqalpog‘istonda ilk bor “E’tibor-2024” tadbiri tashkil etildi.
Yurtimizda bo‘lajak onalar, kelajak tarbiyachilari bo‘lgan qizlarimizning kamol topishiga, ularning oliy ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlar va zamonaviy texnologiyalarni, xorijiy tillarni egallashlariga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan magistratura bosqichida tahsil olayotgan 259 nafar qizning 2 milliard 135 million so‘mlik kontrakt puli to‘lab berildi. Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 14 mingdan ortiq xotin-qizga 128 milliard so‘mlik foizsiz ta’lim krediti ajratildi. Keyingi 3 yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj 450 nafar talaba-qizning 3,5 milliard so‘mlik kontrakt puli to‘lab berildi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida keyingi 3 yilda qo‘shimcha kvota bilan 334 nafar xotin-qiz imtiyozli grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

Joriy yilning oktyabr oyida Nukus shahrida BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) ning O‘zbekistondagi loyihalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi, shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning joriy yil 14 martdagi "Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori orqali ayollar tadbirkorligi sohasida keng imkoniyatlar yaratilib, xotin-qizlarga biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar, grantlar ajratish tizimi takomillashtirildi. Respublika bo‘yicha 46 ming 821nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash rejasi belgilandi. Yanvar-sentyabr oylarida 62 ming 824 nafar xotin-qizning (134,2 foiz) bandligi ta’minlandi. Kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning uzluksizligi va barqarorligini ta’minlash, bank va mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 12 ta tijorat banki tomonidan 1 ming 369 ta xotin-qizga 124 milliard 349 million so‘m miqdorida garovsiz kredit ajratildi. Shuningdek, 21 ming 590 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 2025 yilda 2 ming 634 nafar xotin-qizning hunarmandchilikka jalb qilish orqali bandligi ta’minlandi.
Albatta, xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari” yaratilib, ular uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ushbu tizim doirasida 5 yil davomida 193 ming 126 nafar xotin-qizga jami 291 milliard 801 million so‘mlik amaliy va moddiy yordam ko‘rsatildi. Joriy yilda 57 ming 840 nafariga (99,7 foizi) amaliy yordam berildi. Shuningdek, 451 nafar xotin-qizga "Ayollar daftari" jamg‘armasi va boshqa manbalar mablag‘i hisobidan 620,5 million so‘m miqdorida uy-joy uchun ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi. 43 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi. Shuningdek, rejaga asosan joriy yilning may-sentyabr oylari oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 997 nafar xotin-qizning Toshkent viloyatining Bo‘stonliq shahriga sayohati tashkil etildi.
Joriy yildagi yangiliklardan biri 17 shahar va tumanda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” tashkil etildi. Joylarda tashkil etilgan "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari"da 6 ming 627 ta nikohlanuvchi yosh oila o‘qitildi. Shuningdek, xotin-qizlarning IT sohasiga qiziqishini oshirish maqsadida "Data Soft Akademy" jamiyati tashkil etilib, 850 nafar xotin-qiz kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qitildi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatda gender tengligini ta’minlash — bu faqatgina ayollar yoki erkaklar masalasi emas, balki butun mamlakatning barqaror taraqqiyoti va kelajagi bilan bog‘liq muhim yo‘nalishdir. Gender tengligiga erishish orqali biz nafaqat adolatli jamiyat qurishga, balki inson salohiyatini to‘liq rivojlantirishga, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga erishamiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri