Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gender tenglikni ta’minlash ustuvor vazifa
18:29 / 2021-09-27

Buxoro viloyatida 1,96 million nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 1 million 4 ming nafarini yoki umumiy aholining 53,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar 334 ming 800 nafarni tashkil etadi. Ularning 179 ming 300 nafari davlat tashkilotlarida, 34 ming nafarga yaqini nodavlat tashkilotlarda, 121 ming 600 nafari xususiy sektorlarda faoliyat yuritmoqda. Xotin-qizlarni jamiyat hayotida faolligini oshirish maqsadida 2017-2021 yillarda 4 ming 125 nafar ayol rahbarlik lavozimlariga tayinlangan. Bu ko‘rsatgich 2016 yilga nisbatan 352 nafarga oshishiga erishildi.

Hozirda respublika Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasida, xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlarida 107 nafar ayol deputat xizmat faoliyatini olib bormoqda. Viloyatning 300 nafardan ortiq faol, fidoyi xotin-qizlari mamlakatimizning turli darajadagi yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. Jumladan, 43 nafar ayol «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni, 26 nafar xotin-qiz «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan.

[gallery-4064]

Viloyatda 400 dan ortiq xotin-qiz davlat boshqaruvi organlarida shakllantirilgan kadrlar zaxirasiga kiritilgan. 544 ta mahallada «Ayollar maslahat Kengashi» tashkil etilgan. Ular tarkibiga 6,5 mingdan ortiq faol ayollar, mehnat faxriylari jalb qilingan.

Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan G‘ijduvon tumanidagi «Armechan» va Olot tumanidagi «Jayxunobod» mahallalaridagi «Ayollar maslahat Kengashi»lariga 50 million so‘mdan rag‘bat mablag‘lari topshirilgan bo‘lib, shu yil yakunida viloyatda namunali faoliyat yuritgan 10 ta «Ayollar maslahat kengash»larini rag‘batlantirish uchun viloyat byudjetidan 500 million so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Hozirda viloyatda 1 ming 470 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Unda bog‘cha yoshidagi bolalarning 70,1 foizi qamrab olingan. Mazkur muassasalarda jami mingdan ortiq pedagog va rahbar xotin-qiz mehnat qilmoqda. 2023 yilga kelib 630 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasalari qurib, foydalanishga topshiriladi. Natijada ular safi yanada kengayadi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va «Mahorat darslari»da keyingi to‘rt yilda jami 1 ming 640 nafar xotin-qiz turli kasb-korga yo‘naltirildi. Natijada ularning bandligi ta’minlangan bo‘lib, mingga yaqini o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etdi. 8 mingdan oshiq xotin-qizning iqtisodiy va huquqiy bilimlari oshirildi.

Ayollar faolligini yanada oshirish maqsadida 2022 yildan boshlab yana 7 mingdan ortiq xotin-qiz biznes-kurslarga, shu orqali kasb-hunar o‘quvlariga jalb etiladi. Ayni kunda esa viloyat miqyosida 1 ming 239 nafar ayol rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaliklarida o‘tgan yillar mobaynida 3 ming 561 nafar xotin-qiz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanib, bandligi ta’minlandi.

Viloyat qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbarlari soni 1 ming 319 nafarga yetgan. Kelgusi yili ular safini yana kamida 80 nafar yer mulkdori bilan to‘ldirish nazarda tutilgan. Umuman, bugun ayollar rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaliklarida band bo‘lgan ishchi soni 4 ming nafardan ortgan.

Jamiyatda ayollarning faolligi va mavqeini yanada oshirish, gender siyosati borasida davlat boshqaruvining turli jabhalarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning kasbiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda rahbarlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida muntazam chora-tadbir va sa’y-harakat olib borilmoqda. Endilikda xotin-qizlarning nafaqat mamlakatimizda, balki undan tashqarida, xalqaro miqyosda faoliyat yuritishi, inson huquqlari yoki boshqa sohalarda davlat vakili yoxud xalqaro tashkilotlarning to‘laqonli a’zosi bo‘lishlari, diplomatik ish yuritishlari uchun zamin yaratilmoqda.

 

Zarif Komilov, O‘zA