Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gender tenglikni taʼminlashda nimalar asos boʻlib xizmat qiladi ?
16:05 / 2020-04-10

Jamiyatda insonlarning oʻz oʻrnini topishi uchun davlat tomonidan ularga bir xil sharoit va teng imkoniyat yaratib berilishi gender tenglikni taʼminlashda asos boʻlib xizmat qiladi.


Jamiyatda insonlarning oʻz oʻrnini topishi uchun davlat tomonidan ularga bir xil sharoit va teng imkoniyat yaratib berilishi gender tenglikni taʼminlashda asos boʻlib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatiga muvofiq qonun va huquq ijodkorligi sohasida yangi yoʻnalish – gender-huquqiy ekspertizasi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-martdagi 192-son Qarori bilan tasdiqlangan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom”da gender-huquqiy ekspertiza oʻtkazish tartibi belgilab berildi.

Gender-huquqiy ekspertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish hisoblanadi. Adliya organlari qonun hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizasi doirasida gender tenglik prinsiplariga muvofiqligi va jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlari vujudga kelishiga shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yuzasidan hamda belgilangan talablarga muvofiq gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi mamlakatimiz norma ijodkorligida gender-huquqiy ekspertiza zarurmi? Mazkur zaruriyat shu jihati bilan asosliki gender-huquqiy ekspertizada oʻtkazishda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining gender tenglikka erishish sohasidagi davlat siyosatiga mosligi hamda mamlakatdagi joriy gender holat, loyiha qoidalarining xotin-qizlar va erkaklarning turli ijtimoiy-iqtisodiy holati va roliga taʼsiriga eʼtibor qaratiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qilishda jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkoniyati yaratilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash prinsiplariga muvofiq emasligi aniqlanadi. Bunday hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlari baholanadi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qoʻllanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflar aniqlanadi. Ularni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Gender-huquqiy ekspertiza yuzasidan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish shuni koʻrsatdiki, aksariyat mamlakatlar norma ijodkorligida gender ekspertiza vakolatli organlar tomonidan turli metodlar asosida amalga oshiriladi. Xususan:

Ispaniya

Ispaniyada 2007-yilda “Ayollar va erkaklar teng huquqliligini toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan boʻlib, Ispaniya hukumati huzurida gender tenglikni taʼminlovchi komissiya tashkil etilgan. Mamlakatda gender tenglikni taʼminlashga oid strategik rejalarni qabul qilish, ayollar va erkaklarga davlat sektoridagi lavozimlarda ishlashga, siyosiy hayotda ishtirok etishga boʻlgan huquqini taʼminlashga qaratilgan davlat siyosati amalga oshiriladi. Shuningdek, qonun hujjatlarining gender tenglikka taʼsiri huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib baholanadi.

Avstriya

Mamlakatda 2013-yilda oʻtkazilgan federal byudjet islohotidan soʻng, parlament tomonidan normativ hujjatlarning erkaklar va ayollar oʻrtasidagi “haqiqiy” tenglik nuqtayi nazaridan tahlilini, shuningdek barcha yangi qonunlar, qonunosti hujjatlar va boshqa yirik davlat loyihalarining gender guruhlariga taʼsirini baholash joriy etildi.

Belgiya

Mamlakatda “Gender tenglik toʻgʻrisida” gi 2007-yilda qabul qilingan qonunga binoan, davlat boshqaruviga oid ishlab chiqilayotgan har bir qonun hujjatida gender tenglik sohasidagi strategik maqsadlar koʻrsatilishi kerak.Bundan tashqari har bir qonun loyihasi yoki taklif qilinayotgan strategik dastur “gender ekspertiza” dan oʻtishi kerakligi va federal hukumat qonunchilik aktining birinchi qismida gender tengligi boʻyicha strategik maqsadlarni oʻz ichiga olishi kerakligini belgilaydi. Qonunda ushbu bosqichlarni monitoring qilish va baholash koʻzda tutilgan.

Gruziya

Mamlakat hukumati huzurida normativ-huquqiy hujjatlarni gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazuvchi Kengash 2012-yilda tashkil etilgan. Kengash qonun hujjatlarining gender tenglikka taʼsirini monitoring va baholashni ham amalga oshiradi.

Biz tahlil qilgan mamlakatlarda gender-huquqiy ekspertiza mazkur davlatlar qonunchiligining bir qismi hisoblanadi. Yaʼni bunday ekspertiza qonunchilik aktlaridagi jinsga oid kamsitishlarning har qanday turini bartaraf qilishga qaratilgan.

Oʻzbekiston norma ijodkorligida qonun hujjatlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi Adliya vazirligi tomonidan oʻtkaziladi. Bugungi kunda mamlakatimiz norma ijodkorligida qonun hujjatlari loyihalarining antikorrupsion ekspertizasi, gender-huquqiy ekspertizasini oʻtkazish joriy etildi. Huquqiy ekspertizalardan koʻzlangan maqsad normalar sifatini oshirish, huquqiy boʻshliqlar yuzaga kelishini oldini olish, bir-biriga zid boʻlgan normalarni bartaraf etishdir.

Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi