Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gender tenglikka erishish strategiyasi qanday bajarilmoqda?
14:59 / 2022-12-28

Gender tenglikka erishish strategiyasini 2021–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 41 normativ-huquqiy hujjat  qabul qilingan.  

Genderga oid audit, uning vazifalari, uni o‘tkazish va natijalarini ko‘rib chiqish tartibi belgilangan.  

Saylov huquqlarini amalga oshirish yo‘nalishida saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 indikator ishlab chiqilgan.  

Senat yalpi majlisida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala muhokamasi jarayonida yuqoridagi faktlar keltirildi.  

Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi tasdiqlangan. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ishsiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 17 ming 930 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar ajratilgan.  

Senatorlarning bildirishicha, Gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.  

Xususan, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Strategiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha faoliyatini samarali tashkil eta olmagani sababli 2022 yilda erishilishi rejalashtirilgan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilmay qolingan.  

Masalan, 2022 yilda vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida rahbarlik (hokimlar) lavozimida, siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida hamda sudyalar orasida xotin-qizlarning ulushi bo‘yicha rejalashtirilgan ko‘rsatkichga erishilmagan.  

Gender tenglikka erishish strategiyasini 2021 – 2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasida belgilangan ayrim vazifalar ham bajarilmasdan qolingan.  

Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining gender tenglikka erishishga qaratilgan konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, ulardagi normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, shuningdek, iqtidorli talaba qizlarni rag‘batlantirib borish maqsadida alohida stipendiya ta’sis etish ishlari oxiriga yetkazilmagan.  

Majlis davomida Gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ham ko‘rib chiqildi.  

Unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan, sport, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, gender jihatlarni hisobga olgan holda byudjetlashtirish, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar qamrab olingan.  

Gender tenglikka erishish strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilab olingan vazifalar, tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.  

Kompleks chora-tadbirlar dasturi 2023 yilda bajarilishining borishi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda ularning joylardagi ijrosi mahalliy vakillik organlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilishi belgilandi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA