Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
GENDER TENGLIK: sudyalar orasida ham taʼminlanish choralari koʻrilmoqda
12:03 / 2020-09-07

Gender tenglik, yaʼni erkaklar va xotin-qizlar tengligi - insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi.


Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini izchil isloh etish orqali koʻplab amaliy natijalarga erishildi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar, parlamentga taqdim etilgan Murojaatnomalar hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi bugungi kunda Oʻzbekistonda odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqishida asosiy dasturilamal boʻldi.

Joriy yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada erishilgan yutuqlar tahlil qilinib, sud-huquq sohasida mavjud ayrim kamchiliklar ochiq-oshkora koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, sohada amalga oshirilishi zarur boʻlgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi. Prezidentimiz tomonidan sudyalar orasida gender tenglikni taʼminlovchi mexanizmlarni joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashiga aniq vazifa berilganini alohida taʼkidlash lozim.

Gender tenglik, yaʼni erkaklar va xotin-qizlar tengligi - insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Soʻnggi tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ham negizidir.

Mutaxassislarning fikricha, faqat erkaklardan iborat jamoaga nisbatan 50/50 foiz erkak va ayollardan iborat mehnat jamoalari, ayniqsa, agar ular aqliy mehnat bilan band boʻlsa, bir necha barobar yuqori natija koʻrsatar ekan.

Qolaversa, gender tenglik – bu mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini koʻrsatuvchi indikator. Gender tenglik – bu nafaqat insonning asosiy huquqlarining ifodasi, balki tinchlik, farovonlik va barqaror rivojlanishga erishishning zarur asosi hamdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini taʼminlash, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ayollarni turli masʼuliyatli lavozimlarga tayinlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada ayollarimiz deputat, senator, hokim, elchi, prokuror, sudya, soliqchi kabi faxrli lavozimlarda mehnat qilmoqdalar.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunda turli darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida, shu jumladan, vazirlik va idoralarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida 1 ming 500 nafardan ortiq xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Hozirgi vaqtda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha tizimli oʻquvlar tashkil etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi tizimida 16 nafar ayol rahbarlik ishiga tayinlangan boʻlsa, yana 6 nafar ayol hokimlik lavozimini egalladi.

Turli darajadagi davlat mukofoti sovrindorlari boʻlgan xotin-qizlar soni 2 ming 224 nafarga yetdi. Bugungi kunga qadar 577 nafar ayol “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi.

Yurtimizda tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy
himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash borasida qoʻshimcha kafolatlar
berildi. Katta kompaniyalar va nodavlat tashkilotlar xodimlarining umumiy sonidagi xotin-qizlar ulushida gender tenglik deyarli toʻliq taʼminlangan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining 20 foizdan ortigʻiga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda.

BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda “Oʻzbekistonning 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari” qabul qilingan. Ushbu sohadagi 5-maqsad – gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Bu, oʻz navbatida, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa choralarni qamrab oladi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun barcha davlat organlari va tashkilotlari, muassasalari, shuningdek davlat ahamiyatidagi jamoat tashkilotlari masʼul.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda eʼtiborni kuchaytirish talab etiladi. Jumladan, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda ishtirokini kengaytirishni taʼminlash lozim.

Zero, ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga yetarli darajada jalb etilmayapti. Davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholash, lavozimda koʻtarilish masalalari boʻyicha teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan gender tenglikni taʼminlash mezonlari mavjud emas.

Xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati toʻgʻrisida jamiyatda mavjud ayrim salbiy qarashlar esa, ularning siyosiy jarayonlarda oʻz gʻoyalarini ilgari surishiga toʻsqinlik qilmoqda.

BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan 2019-yili Oʻzbekistonga tashrifi asnosida mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash yuzasidan qabul qilingan qonun va ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarga ijobiy baho bergan. Shu bilan birga, u Oʻzbekistonda ayollar sudyalikka koʻproq jalb etilsa, bu borada boshlangan ijobiy islohotlar yana-da koʻproq natija berishini taʼkidlagandi.

Haqiqatan ham, yurtimizning yaqin tarixida Oʻzbekistonning sud-huquq sohasida huquqshunos ayollar alohida oʻrin tutgani bilan bogʻliq voqelik BMT Maxsus maʼruzachisining bu fikrini tasdiqlaydi.

Xususan, uzoq yillar mobaynida Oʻzbekiston Oliy sudi raisi boʻlgan, Markaziy Osiyoda jinoyat huquqi fani asoschisi, yurisprudensiya boʻyicha ilmiy maqom olgan birinchi oʻzbek ayoli - akademik Xadicha Sulaymonova, Oʻzbekiston Adliya vaziri boʻlgan huquqshunos olima, professor Mamlakat Vosiqova, Oʻzbekiston Oliy sudi raisi boʻlgan professor Halima Muxitdinova va boshqa huquqshunos ayollarimiz Oʻzbekistonda huquqshunoslik nufuzini oshirishga katta xissa qoʻshgan.

Tahlillarga koʻra, hozirgi kunda mamlakatimizda jami ishlab turgan 1 ming 206 nafar sudyadan 1 ming 50 nafari erkaklar boʻlib, ayol sudyalar atigi 156 nafar, yaʼni 12,9 foizni tashkil qiladi. Shundan:

  • fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda - 88 nafar;
  • jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda - 27 nafar;
  • iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlarda - 23 nafar;
  • maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarda esa 8 nafar ayol sudyalar ishlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida faoliyat olib borayotgan jami 62 nafar sudyadan 15 nafari ayol sudyalardir. Bu raqam 24,2 foizni tashkil etadi.

Xorijiy mamlakatlarda ushbu koʻrsatkichlar nisbatan yuqori ekanini taʼkidlash lozim. Xususan, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, quyidagi mamlakatlar ayol sudyalar soni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlarga ega:

  • Latviya - sud tizimida ishlovchi barcha sudyalarning 78,6 foizi ayol sudyalardan iborat;
  • Sloveniyada bu koʻrsatkich - 78,4 foizga teng;
  • Ruminiya - 72,8 foiz;
  • Xorvatiya - 70,6 foiz;
  • Serbiya - 70,5 foiz;

Oʻz navbatida, bu sohada eng past koʻrsatkichlarga ega mamlakatlar ham aniqlangan. Buyuk Britaniya sud tizimida sud tizimida ishlovchi barcha sudyalarning 28,4 foizi ayol sudyalardan iborat boʻlsa, bu koʻrsatkich Armanistonda - 26,1 foizni, Kanadada - 23,5 foizni, Lixtenshteynda - 23,1 foizni, Ozarbayjonda esa 11,9 foizni tashkil etadi.

Turli davlatlar amaliyotida mazkur koʻrsatkichning bir-biridan keskin farq qilishi, shubhasiz, ushbu mamlakatlarning oʻziga xos tarixi, milliy mentaliteti, urf-odatlari, rivojlanish bosqichi kabi koʻplab omillarga bogʻliq.

Xorijiy davlatlar sud-huquq sohasida gender tenglikni taʼminlash uchun turli chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Misol uchun, Belgiya, Italiya, Iroq, Iordaniya kabi mamlakatlarda sudyalik lavozimiga ayol nomzodlar uchun alohida genderlik kvotalari ajratilgan.

Lekin Buyuk Britaniya, Ispaniya va Fransiya davlatlari bunday genderlik kvotalarini joriy etishga qarshi chiqqan. Buning oʻrniga ular oliy yuridik taʼlimga ayollarni koʻproq jalb etish, ayol sudyalar uchun turli shart-sharoitlar yaratish orqali gender tenglikni taʼminlash maʼqul degan xulosaga kelgan.

Rossiya sud tizimida faoliyat olib boruvchi sudyalarning 66 foizini ayol sudyalar tashkil etadi. Mutaxassislar fikricha, bunday holatning asosiy sababi – sudyalikka nomzodlar asosan sud apparatida mehnat faoliyati olib borgan sudya yordamchilari va kotiblaridan shakllanishi deb koʻrsatiladi. Chunki, yillar davomida sudlar apparatida ishlagan ushbu xodimlar sud tizimi va hujjatlar bilan ishlash jarayonini yaxshi bilib olishadi.

Gap shundaki, Rossiyada sudyalarning yordamchilari va kotiblari lavozimlarida asosan ayollar ishlaydi. Ushbu lavozimlardagi xodimlarga kam haq toʻlanadi, ish hajmi esa koʻp. Qolaversa, “kotiba” vazifasida faqat ayollar ishlashi odat tusiga kirgan. Shu sababli oilaning asosiy boquvchisi hisoblangan erkaklar ushbu lavozimlarga intilmaydilar.

Xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasini oʻrganish yana shuni koʻrsatdiki, koʻplab davlatlar sud tizimida ayol sudyalarga gender kvotalari joriy etilishini qoʻllab-quvvatlamaydi. Buning asosiy sababi yurisprudensiya sohasida ayol kadrlarning yetishmasligi bilan izohlanadi.

Shunga qaramay, bir qator davlatlar sudyalarni tanlash va tayinlash boʻyicha masʼul organlar aʼzolarini tanlash uchun gender kvotalari tizimini joriy etishni maqʼullagan.

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi shunday organ hisoblanadi. Sudyalar oliy kengashi tarkibida, joriy yil 1-yanvar holatiga koʻra, 12 nafar erkak va atigi 1 nafar ayol sudya faoliyat koʻrsatmoqda.

Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha yana bir chora bu - sudyalikka nomzodlarni tayyorlaydigan taʼlim muassasasiga tinglovchilarni qabul qilishda gender tenglikni taʼminlovchi mexanizmlarni joriy etishdir. Yurtimizda bunday muassasa Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabidir.

2021-yil 1-yanvaridan boshlab sudyalik lavozimiga nomzodlar faqat ushbu maktab tinglovchilari orasidan tavsiya etilishi koʻzda tutilgan. Bunday muhim choralar, albatta, mamlakat sud tizimida ayollar sonini oshirishga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Davlat rahbarining sud-huquq sohasida gender tenglikni taʼminlash boʻyicha mexanizmlarni joriy etish borasida bergan topshiriqlarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Gender qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi tomonidan alohida dastur qabul qilindi. Dastur mamlakatimizda ayollarning sud-huquq sohasidagi mavqeini oshirish, xususan, ayol sudyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Dasturda bu borada, jumladan, quyidagi vazifalar belgilangan:

  • sud tizimida gender tenglik taʼminlanganligi holatini doimiy monitoring qilib borish;
  • joylarda huquqshunos ayollarda sudyalik kasbiga qiziqish uygʻotish boʻyicha davra suhbatlari oʻtkazish;
  • oliy yuridik maʼlumotga ega xotin-qizlarni sud organlariga keng jalb qilish;
  • muqaddam sudya boʻlib ishlagan ayollarning hujjatlarini oʻrganib, maqsadga muvofiq deb topilgan nomzodlarni sudyalik lavozimlariga tavsiya etish;
  • Sudyalarning odob-axloq kodeksida gender masalasiga oid qoidalarni belgilash;
  • sudlarda ish hajmini kamaytirish va sudyalar oʻrtasida ish hajmini adolatli taqsimlash choralarini koʻrish;
  • ayol sudyalar uchun qulay mehnat sharoiti yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish. Bu oʻrinda, jumladan, yosh bolasi bor ayol sudyalarga yengillashtirilgan mehnat sharoitlari, uzaytirilgan dam olish vaqti, qisqartirilgan ish vaqti belgilash, ayollar uchun qatʼiy boʻlmagan ish vaqtini belgilash, tibbiy taʼminotini kuchaytirish kabi imtiyozlar nazarda tutilgan;
  • sud tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xotin-qizlarga nisbatan ish joylarida tazyiq oʻtkazish holatlarining oldini olish va xotin-qizlar bilan oʻzaro munosabat madaniyatini yuksaltirish boʻyicha profilaktika tadbirlarini oʻtkazib borish.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz sud-huquq sohasida gender tenglikka erishish, oʻz navbatida, xotin-qizlarimizning qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlaydi. Shu bilan bir qatorda, bu yoʻnalishdagi muhim qadamlar sohani jahon standartlariga moslashtirish, korrupsiya holatlarining oldini olish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Robaxon MAHMUDOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi

raisining birinchi oʻrinbosari.