Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Hunarmandlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, respublika komissiyasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va oila institutini mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib borayotgan davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, hududiy tuzilmalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tanlovda ishtirokchilar jamiyatda tenglik va adolat prinsiplarini qaror toptirish, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan ishlar bilan munosib baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi matbuot xizmati – “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol ommaviy axborot vositasi”, Guliston Davlat pedagogika instituti – “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy davlat organi”, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo tumani bo‘limi – “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT”, Xovos tumanidagi “Xovos Don mahsulotlari” AJ – “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik sub’ekti”, Guliston tumani hokimligi – “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman (shahar) hokimligi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topildi. Tanlov nizomiga asosan respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qulga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarga Sirdaryo viloyati hokimligi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri