Joriy yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazuvchi Surxondaryo viloyatidagi komissiyalarda xotin-qizlar faol ishtirok etib, muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda erkaklar bilan bir safda faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ayollar va erkaklarga teng huquq yaratib, gender tenglikka erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Senatining “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”da ham xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishning muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Viloyatda “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar” dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Vohada joriy yilgi parlament va mahalliy Kengashlar saylovlarini o‘tkazuvchi komissiyalarda xotin-qizlar o‘rni kengaygani bunga misol bo‘la oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi saylov komissiyalarida faoliyat yuritayotgan 10 ming 207 a’zoning 4 ming 741 nafari xotin-qizlar bo‘lib, ular muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ko‘rishda faol qatnashmoqda. Eng e’tiborlisi, vohada o‘tadigan siyosiy kampaniyani tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova ham jamiyatimiz gultojlari vakilasidir.
– “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan saylovga kamida sakson kun qolganida tuzilgan Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyamiz o‘z safiga 21 nafar a’zoni birlashtirgan, –deydi Zebuniso Alimardonova. – Ularning 14 nafari erkaklar, yetti nafari esa xotin-qizlardir. O‘zim ko‘p yillar viloyat saylov komissiyasida ishtirok etgan a’zo sifatida aytadigan bo‘lsam, bundan yetti-sakkiz yil muqaddam har bir komissiya tarkibiga uch-to‘rt nafar ayol a’zo sifatida jalb etilar edi. Bu yilgi saylovda vohadagi komissiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizni tashkil etmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda erkaklar hamda ayollarning teng ishtirokini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor natijasidir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yil mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan muhim siyosiy kampaniyada vohadagi 15 ta tuman va shahar saylov komissiyalarida 257 nafar a’zo ish yuritmoqda. Ularning 152 nafarini erkaklar, 105 nafarini ayollar tashkil etadi. Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 50 ta okrug saylov komissiyasida 288 nafar erkak va 190 nafar ayol a’zo birgalikda siyosiy kampaniyani tashkil etishda qatnashayotir. Viloyatda tashkil etilgan 865 ta uchastka saylov komissiyasida 5 ming 12 nafar erkak va 4 ming 439 xotin-qiz a’zo saylovlarni umume’tirof etilgan tamoyillar asosida o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Yana bir raqam: joriy yilgi saylovda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda ham gender tengligi e’tibordan chetda qolmadi. Beshta partiyaning har biridan 50 ta saylov okrugiga 250 nafar nomzod ilgari surildi. Ularning ham 112 nafari yoki 45 foizi xotin-qizlardir.
– Saylovni viloyatda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida tuzilgan saylov komissiyalarining har bir a’zosi tegishliligi bo‘yicha xalq deputatlari Kengashlari tavsiyasiga ko‘ra tasdiqlangan, – deydi Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova. – Bunda ayol nomzodlarning ham siyosiy yetukligi, saylov qonunchiligidan xabardorligi va jamoat ishlarida faolligiga alohida ahamiyat berilgan. Sodda qilib aytganda vohadagi faol xotin-qizlar orasidan eng bilimli va fidoyilari saralab olingan. Saylov kuni viloyatdagi 865 ta saylov uchastkasida 1 ming 484 nafardan ortiq saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Ularning qariyb 810 ming nafari xotin-qizdir. Mamlakatimizning
kelgusi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan siyosiy kampaniyada xotin-qizlarimiz ham faol ishtirok etib, saylovda o‘zlari munosib, deb topgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab ovoz beradi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri