Qadim Samarqand mezbonlik qilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida joriy yilning 4 noyabr kuni “Gender tengligini ko‘p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish” mavzusida yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonda gender tengligi orzu emas, hayot haqiqatiga aylangan davlat siyosatidir. O‘zbekistonda gender tenglik — bugungi hayotimiz me’yori va barqaror kelajak kafolati. Bu teng huquq, teng imkoniyat va teng kelajak demak.
Aytish kerakki, keyingi to‘qqiz yil davomida mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga oid keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid ko‘plab qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida «Ayollar daftari» tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili zalvorli miqdorda mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratilishidek ibratli tizim keng yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 23 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida o‘tkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida so‘zlagan nutqida ham mamlakatimizdagi gender masalalariga alohida to‘xtalgani sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy tasdig‘idir. Jumladan, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning roli bundan buyon ham mustahkamlanishi va shu ma’noda, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish muhimligi qayd etildi.
Samarqand mezbonlik qilayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadigan “Gender tengligini ko‘p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish” mavzusida yirik xalqaro tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari, “Oqila ayollar” respublika harakati, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilari, olimlar, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, faol ayol-qizlar, tadbirkorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda gender masalalariga oid istiqboldagi vazifalar, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar rejasi tuzilishi ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA