French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gender islohotlarga ko‘maklashish mavzusida o‘quv seminari
15:42 / 2025-09-08

Buxoroda Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan birgalikda moliyalashtirilgan “Fuqarolik jamiyati ishtiroki orqali hududlarda gender islohotlarga ko‘maklashish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Vobkent tumanida loyiha doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil etildi va loyiha ishtirokchilari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

– Loyiha Nemis Xalq Universitetlar Assotsiatsiyasining (DVV) O‘zbekistondagi filiali hamda “SABR” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamkorligida 2024 yil martdan 2026 yil fevralga qadar amalga oshiriladi, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dilbar Ahmedova. – Asosiy maqsad fuqarolik jamiyati tashkilotlarining demokratiya va inklyuziv rivojlanishda mustaqil ishtirokini kuchaytirish, gender islohotlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Loyiha doirasida Vobkent tumanidagi “Kosari” mahalla fuqarolar yig‘inida bir qator professional kurslar tashkil etildi. Jumladan, tikuvchilik, pishiriqchilik, kompyuter savodxonligi hamda ayollar sartaroshligi bo‘yicha o‘quv kurslar o‘tkazildi. Kurs bitiruvchilari biznes-loyiha tuzish ko‘nikmalariga ega bo‘ldi va 4 ta biznes-loyiha moliyalashtirildi.

Jihozlar mahallada istiqomat qiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xizmat qiladi va ularning bandligi hamda turmush farovonligini oshirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, mahallaning “yettilik” faollari uchun “Gender byudjetlashtirish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda ishtirok etgan mahalla faollari tomonidan jamoat tashabbuslari tayyorlandi va eng yaxshilari grant g‘olibi bo‘ldi. 

Kutilayotgan natijalardan biri fuqarolik jamiyatining institutsional salohiyatini mustahkamlash, mahalliy ayollar va faollarning imkoniyatlarini kengaytirish va adolatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishdir.

 Loyiha Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida amalga oshiriladi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.