"Gazprombank" AJ #MEGAPLAYER infratuzilmasini yaratish strategiyasi doirasida O‘zbekistonning Samarqand shahridagi xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Loyiha doirasidagi davlat-xususiy sheriklik kelishuvi 2021 yil 22 sentyabrda “Uzbekistan Airports” AJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA" MCHJ (xususiy sherik) o‘rtasida imzolangan.
Hozirgi vaqtda loyiha moliyaviy yopilish bosqichiga o‘tish uchun tayyorgarlikni yakunladi. 2022 yil 7 fevralda DXSH bitimi tomonlari loyihani amalga oshirishning eng muhim va asosiy shartlarini belgilab oldi.
Loyihaga ko‘ra, "Gazprombank" AJ o‘z navbatida “AIR MARAKANDA” MCHJning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi ishtirokining moliyaviy va tijorat jihatlari bo‘yicha moliyaviy maslahatchi hisoblanadi.
Loyihaning umumiy byudjeti 83 million dollardan oshadi. Samarqand shahridagi aeroportni har tomonlama rivojlantirish, aeroport infratuzilmasini qurish, shuningdek, ularni keyinchalik ishga tushirishni nazarda tutadi. Bu O‘zbekistondagi eng yirik EPC pudratchilaridan biri – “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Samarqand aeroporti respublika havo transporti sanoati uchun strategik ahamiyatga ega. Shubhasiz, ushbu tashabbus ishtirokchilarining sa’y-harakatlari tufayli aeroport yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tariladi. Loyihaning amalga oshirilishi butun mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga, jumladan, respublikada turistlar oqimini ko‘paytirish, sarmoyaviy jozibadorlik va umuman farovonlikni oshirishga xizmat qiladi. "Gazprombank" AJ ushbu loyihada ishtirok etishdan manfaatdor. U O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik bozori uchun muhim ahamiyat kasb etadi,– dedi "Gazprombank" AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aleksey Belarus.
Ta’kidlash kerakki, yangi xalqaro yo‘lovchi terminalining ishga tushirilishi 2022 yilning 1 choragida rejalashtirilgan. Modernizatsiya aeroportning yo‘lovchi tashish hajmini bosqichma-bosqich yiliga 1,5 million yo‘lovchiga yetkazadi. Samarqand shahrini joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitini munosib kutib olishini ta’minlaydi.
– Samarqand xalqaro aeroporti ham turizm, ham qit’alar o‘rtasidagi transfer qatnovlari uchun Markaziy Osiyodagi muhim transport markazi hisoblanadi, – dedi “AIR MARAKANDA” MCHJ direktori G‘ayrat Ne’matov. – Yangi xalqaro yo‘lovchi terminali davlat xususiy sheriklik doirasida zamonaviy sayyohlik markaziga aylantirilmoqda. Fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekistonda ilk bor tuzilmoqda. Hamkorlikning bunday formati xalqaro amaliyotda o‘zini oqladi, chunki ikki tomonning resurslarini birlashtirish aeroport infratuzilmasini yaxshilashga yangi yondashuvlarni topishga yordam beradi. "Gazprombank" investitsiya hamkori loyihasida ishtirok etish O‘zbekiston Respublikasining turizm va logistika sohalari rivojlanayotgan ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA