G‘azoni o‘qqa tutish davom etyapti
G‘azo markazidagi Mag‘ozi qochqinlar qo‘nalg‘asi tomon o‘t ochilishi natijasida bir falastinlik halok bo‘ldi, bir kishi yaralandi. Bu haqda Falastin Qizil yarim oy jamiyati bayonotida aytilgan.
Qayd etilishicha, gumanitar pauzaga qaramay, G‘azo sektori o‘qqa tutilmoqda.
Isroil va XAMAS mojarosida 24 noyabr, juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da to‘rt kunlik gumanitar pauza kuchga kirgan edi. Kelishuv Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlik mahbusni XAMAS qo‘l ostidagi 50 nafar isroillik evaziga ozod qilishni ko‘zda tutadi. Ozod qilinganlar orasida har ikki tomondan ayollar, bolalar bor.