Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘azoga hujum kuchaydi
19:13 / 2025-05-19

So‘nggi 24 soat ichida G‘azoning turli hududlariga uyushtirilgan hujum natijasida 30 nafar falastinlik halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Anadolu” agentligi. Isroil havo kuchlari sektor janubidagi Xon Yunusga, begunoh aholi joylashgan uy va chodirlarga 14 marta havodan zarba bergan. Jabaliya qochqinlar qo‘nalg‘asi g‘arbiy qismida, Al-Faluja bozori yaqinidagi aholi manzilida ham odamlar qurbon bo‘lgan. Al-Yormuq hududiga ham hujum qilingan. Anklav markaziy qismidagi Dayr Al-Balo va Nusayrat qochqinlar lageriga yo‘llangan to‘rt havo hujumi oqibatida sakkiz kishi, jumladan uch bola va bir ayol hayotdan ko‘z yumgan.

Xon Yunus shimoli-sharqidagi Al-Qarara shahri ham o‘qqa tutildi. Bundan tashqari Nosir kasalxonasi yaqinidagi qo‘riqlanadigan ob’ektga zarba berildi. Bu joylarda qurbonlar qayd etilmagan. Guvohlar xabar berishicha, artilleriyadan G‘azo shimolidagi Bayt Lohiya shahri ham to‘pga tutilgan.

Armiya avvalroq G‘azoda “bosqinni kengaytirish va mustahkamlash”ga qaratilgan keng ko‘lamli quruqlik amaliyoti boshlanganini e’lon qilgandi. Harbiylar tahdidli varaqalar tashlab, falastinliklarni janub tomon yurishga chaqirmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqi guruhlari va Xalqaro yordam agentliklari harbiy harakat kuchayishi yanada kuchli gumanitar falokatga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Isroil ommaviy axborot vositalari yozishicha, falastinliklar majburan ko‘chirilishi ortidan askarlar insonparvarlik yordamini taqsimlashi uchun muvaqqat “yig‘ish lagerlari” tashkil qilmoqda. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda Rafoh hududida keng maydonlar tozalanayotgani aks etgan.