Isroil armiyasi yangidan quruqlikdagi amaliyotini boshlagan birinchi kundayoq G‘azo shahridan 350 000 ga yaqin falastinlik ko‘chirilgani aytilmoqda. Dushanba kechasi va seshanba tongida shaharga og‘ir zarbalar berilgan, mahalliy shifoxonalar kamida 69 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
– Bombardimon bir daqiqa ham to‘xtamadi, – deydi "Shifo" davolash muassasi rahbari Muhammad Abu Salmiya.
Hududni tark etayotgan minglab odam uzun tirbandlikda qirg‘oq bo‘ylab yo‘l bosgan. Mashinalarga jihoz va ko‘rpacha ortilgani, ba’zilar piyoda ketayotgani ko‘rinadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, kechaning o‘zida 220 000 kishi shahardan chiqib ketgan.
Isroil armiyasi "G‘azo HAMASning asosiy tayanch nuqtasi deya, oddiy aholiga janubdagi insonparvarlik manziliga o‘tish"ni tavsiya qildi. O‘sha hududda oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam va boshpana ta’minlanishi ta’kidlangan.
Yevropa Ittifoqi Isroildan hujumni darhol to‘xtatishni so‘radi. Yevrokomissiya vakili Anuar Al-Anuniy fikricha, “Yer amaliyoti ko‘proq vayronagarchilik, o‘lim va ko‘chish"ga olib keladi. Shu hafta Yevropa diplomatiyasi rahbari a’zo davlatlarga Isroilga bosimni oshirish bo‘yicha taklif taqdim etadi.
Buyuk Britaniya ham vaziyatga keskin munosabat bildirdi. Tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper hujumni “mas’uliyatsizlik va dahshat” deya ifodalab, darhol o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish va gumanitar yordam yo‘lini ochishga da’vat qildi.
G‘azodagi jang eng og‘ir bosqichiga kirmoqda. Isroil HAMASni markaziy nuqtasidan ajratishga intilmoqda. Xalqaro hamjamiyat esa bunday harakat yangi fojialarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA