Mamlakat poytaxtidagi osmono‘par binolar-u yirik sanoat korxonalarini ko‘rib hayratlanasiz.
Aslida bunday bunyodkorlikni bugun nafaqat viloyat markazlari, balki shahar va tumanlarda ham uchratasiz. Masalan, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanini olaylik. 2024 yilda 93,5 mln.dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya amalga oshirilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu raqam 1,7 barobarga ortib, 160,1 mln.dollarga yetadi. Bu esa eksportni rivojlantirdi. 2024 yilda tumanda 34,2 mln.dollarlik eksport bo‘lgan edi. Bu yil esa bu ko‘rsatkich 49,4 mln.dollarga yetadi. Chunki amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar shu yilning o‘zida 74 taga yetdi. Ular orasida haligacha Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarilmagan mahsulotlar bor. Pishirilgan gazoblok shularing biri.

Ko‘p qavatli uylarni pishgan g‘ishtdan qurishga odatlanilgan edi. Endi dunyo tajribasidan kelib chiqib gazoblokdan foydalanilyapti. U arzon, qulay, tez qad rostlaydi.
– Xitoy, Turkiya bilan hamkorlikda ish boshladik. Mahsulotni dastlab ichki bozorga, keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga eksport qilamiz, – deydi ta’sischi Habibullo Mahmudjonov.–Bir yilda 150-200 ming kub metrgacha gazoblok ishlab chiqarish quvvatlari yaratilmoqda.

Toshloq tumanining “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida bu yil qurilayotgan, qurilgan yirik loyihalar orasida “Avtoklov gazoblok ishlab chiqarish” loyihasi quruvchilar uchun yangilik bo‘ldi. 1,5 gektar hududda 12 mln.dollarlik loyiha xitoylik hamkor ishtirokida tez qurib bitkazildi.

– Hozir sinov ishlarini olib boryapmiz, – deydi hammuassis Vang Ji Gaong. – Yana ikki oyda pishirilgan gazobloklar vodiy quruvchilariga yetkazib beriladi. Men Farg‘onaga Xitoyning Shandon provinsiyasida ishlab chiqarilgan texnologiyani olib keldim. Hozir Farg‘ona va Shandon tadbirkorlari mustahkam amaliy aloqa o‘rnatganlar. O‘zim bu loyihaga 5 mln.dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritdim.
Gazoblok xaridorgir qurilish materiali bo‘lish bilan birga yana bir qulaylikka ega.

– Gazoblok o‘zimizning mahalliy xomashyo – sement, qum, ohaktoshdan tashkil topadi. Chet eldan faqat alyumin kukunini keltiramiz, xolos. Uni Rossiya va Xitoydan olyapmiz, –deydi Habibullo Mahmudjonov.
Toshloqning “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida yonma-yon yana o‘nga yaqin yirik korxonalar qurilishi davom etmoqda. 2025 yil Toshloq tumani sanoati uchun keskin o‘sish davri bo‘lishi kutilyapti.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/SkOTKr3OOUc" title="Gazoblok uylar quriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video),
O‘zA muxbirlari