Neft-gaz sanoatida qazib olish hajmlarini oshirish, mavjud konlar salohiyatidan samarali foydalanish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tarmoqni barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu jihatdan, strategik ahamiyatga ega Gazli hududida amalga oshirilayotgan loyihalar uglevodorod resurslarini samarali qazib olish, ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ va “United Energy Group Limited” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan ishchi uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Uchrashuvda Gazli hududida joylashgan konlarda uglevodorodlar qazib olish hajmlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihaning joriy holati hamda uni amalga oshirish sur’atlari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar loyihaning samarali va barqaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan strategik yo‘nalishlar, zamonaviy texnologik yechimlar hamda moliyaviy-iqtisodiy masalalarni atroflicha ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihani amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish, belgilangan ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida erishish hamda keyingi bosqichdagi harakatlarni aniq rejalashtirish muhimligiga urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, qo‘shma loyiha doirasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, qazib olish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish hamda keyingi bosqichlarda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq va maqsadli rejalarni shakllantirish loyihaning samarali va barqaror ijrosini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA